Shimoliy Koreya Pekin olimpiadasida qatnashmaydi
KXDR COVID-19 pandemiyasi sababli Pekinda bo‘lib o‘tadigan Qishki olimpiadada qatnashmaydi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.
Shimoliy Koreya tomonidan Pekin olimpiadasi tashkilotchilariga yo‘llangan xatda shunday deyiladi: «Olimpiya o‘yinlarida koronavirus pandemiyasi hamda dushman kuchlari (G‘arb davlatlari nazarda tutilyapti — tahr.)ning xatti-harakatlari sababli qatnasha olmaymiz. Olimpiya festivalini tashkil etishda xitoylik o‘rtoqlarni qo‘llab-quvvatlaymiz».
KXDR 2021-yili Tokio mezbonlik qilgan Olimpiadada ham ishtirok etmagandi.
XXIV Qishki olimpiya o‘yinlari Pekinda 2022-yilning 4–20-fevral kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. AQSh 2021-yilning 6-dekabr kuni Pekin olimpiadasiga diplomatik boykot e’lon qildi. Unga ko‘ra, XXRga AQShdan rasmiy shaxslar bormaydi, amerikalik sportchilar esa musobaqalarda ishtirok etadi. AQShning tashabbusi Avstraliya, Buyuk Britaniya va Kanada tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter