Shayx Ahmad As-Saboh Umid Ahmadjonovni Lozannaga taklif qildi
Osiyo Olimpiya kengashi va milliy olimpiya qo‘mitalari xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh kecha O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasiga ham tashrif buyurdi.
As-Sabohni MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov hamda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov kutib olgan. So‘ngra tomonlar ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida mutasaddilar hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish, aloqalarini kengaytirish kabi masalalarga to‘xtaldi.
Umid Ahmadjonov mehmonni tashrif bilan qutlar ekan, uni mamlakatimizda ko‘rib turganidan xursand ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
«Avvalo sizni O‘zbekiston zaminida ko‘rib turganimizdan benihoya xursandman. Osiyo sporti rivojlanishida, taraqqiy etishida sizning hissangiz juda katta. Buni biz juda yaxshi bilamiz. Biz o‘zbek sportiga katta reja va maqsadlar bilan kirib kelganmiz. Ana shu rejalarni amalga oshirishda, qolaversa mamlakat sportida islohotlarni olib borishda yordamingizga va qo‘llab-quvvatlashingizga ishonamiz. Yoningizda yelkama-yelka turib, xizmat qilishga ham tayyormiz. Shu jumladan, milliy sportimiz hisoblangan kurashni qo‘llab-quvvatlayotganingiz uchun Sizga alohida rahmat. Uni Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilishida siz va Haydar Farmonning hissasi katta ekanligini juda yaxshi bilamiz. Shu bilan birgalikda, endi kurashni kelgusi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishida yordam bersangiz, bu biz uchun bir olam baxt bo‘lar edi. Bundan judayam xursand bo‘lardik. Bu borada sizning ko‘magingizga ishonamiz. O‘zbekistonga xush kelibsiz! Bilingki, O‘zbekiston sizning ikkinchi uyingizdir», – dedi Umid Ahmadjonov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter