Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suzish federatsiyasi kotibi ishdan olindi, uch sportchimizning Olimpiada yo‘llanmasi bekor bo‘ldi

Suzish federatsiyasi kotibi ishdan olindi, uch sportchimizning Olimpiada yo‘llanmasi bekor bo‘ldi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Suzish bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionatida Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan uch nafar sportchining litsenziyasi bekor qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston suzish federatsiyasi kotibi Alisher G‘aniyev lavozimidan ozod etilgan. 

Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

«O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi faoliyati davomida doimo olimpizmning ezgu g‘oyalari va sportdagi halol raqobatni targ‘ib qilib kelgan. Barcha milliy federatsiyalarni hamisha anti-doping va boshqa qoidalarga qat’iy rioya etishga, xalqaro musobaqalarni o‘tkazishda o‘rnatilgan tartiblarga bo‘ysunishga va ularni hurmat qilishga chaqirgan.

Turizm va sport vazirligining taqvim rejasidan o‘rin olgan, Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) shafeligida o‘tkazilgan suzish bo‘yicha litsenzion O‘zbekiston ochiq chempionatida yuz bergan vaziyat katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. MOQ ushbu holatga o‘z pozitsiyasini quyidagicha bayon etadi:

O‘zbekiston suzish federatsiyasining xabar berishicha, musobaqa yakunlanganidan keyin 2021 yilning 21 aprel sanasida unda ishtirok etgan hindistonlik sportchi Likit Selvarash Prema turnir davomida nohaqlikka yo‘l qo‘yilgani, mahalliy sportchilarning vaqtlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgani haqidagi videomurojaatini YouTube ijtimoiy tarmog‘iga joylaydi.

Qayd etish joiz, litsenzion O‘zbekiston ochiq chempionatlariga MOQ rahbariyati doimiy tashrif buyurib turgan, tezkor shtab vakili Mirsardor Alimov ham musobaqani muntazam kuzatib borgan. Musobaqadan so‘ng shu yerning o‘zida kichik yig‘ilish tashkil etib, tayyorgarlik jarayonini yanada kuchaytirish, mashg‘ulotlar sifatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Turnir yakunlangach, O‘zbekiston suzish federatsiyasi musobaqalar protokolini MOQga taqdim qilgan va unda 5 nafar atletimizning Tokio-2020 normativini bajargani ko‘rsatib o‘tilgan. Taqdim etilgan protokollarda belgilangan qoidalarning buzilishi, shu jumladan, keyinchalik hindistonlik suzuvchi tomonidan qayd etilgan voqea haqida ma’lum qilinmagan. Shuningdek, biror xorijiy delegatsiya tomonidan, jumladan, Hindiston jamoasi tomonidan mazkur litsenzion turnir bo‘yicha shikoyat tushmagan.

O‘zbekiston suzish federatsiyasining ma’lumotiga ko‘ra, FINA ushbu turnirlarda qayd etilgan natijalarni tan olmadi. O‘zbekiston suzish federatsiyasi bosh kotibi Alisher G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, FINA bu bo‘yicha Toshkentga rasmiy xat jo‘natmagan. Biroq O‘zbekiston suzish federatsiyasi bir necha bor FINAga taqdim etilgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun xabar yo‘llagan va hatto bu masala bo‘yicha Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilgan. Yakunda esa xalqaro tashkilot yo‘llagan «Universal Place» asosida faqatgina 2 nafar hamyurtimiz – Xurshidjon Tursunov va Natalya Kritinina Tokio-2020 o‘yinlariga yo‘llanma olishdi» – deyiladi MOQ xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring