Ruslan Nuriddinov doping sabab musobaqalardan chetlatildi
Og‘ir atletika bo‘yicha Rio—2016 Olimpiadasi g‘olibi, jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, «O‘zbekiston iftixori» Ruslan Nuriddinov Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi bayrog‘i ostida o‘tkaziladigan musobaqalardan qonida doping topilgani sababli vaqtincha chetlatildi. Bu haqda «TASS» xabar bermoqda.
Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi axborotiga ko‘ra, London—2012 Olimpiadasida sportchidan olingan qon tahlillari Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan qayta doping tekshiruvi davomida ijobiy natija bergan.
Ma’lum qilinishicha, London—2012 Olimpiadasida 105 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida musobaqalarda 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan Ruslan Nuriddinovning qonida degidroxlormetiltestosteron va stanozolol kabi taqiqlangan moddalar topilgan. Ruslan Nuriddinovdan tashqari doping sabab Ukraina, Ozarbayjon, Belarus va Armaniston nomidan qatnashgan yana to‘rt og‘ir atletikachi ham musobaqadan chetlatilgan.
Sportchilarning London Olimpiadasidagi ishtirokiga doir yakuniy qaror Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter