Prezident Oksana Chusovitinaning faoliyatiga alohida to‘xtaldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiadada ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni qabul qildi. Davlat rahbari tadbir davomida afsonaviy gimnastikachi Oksana Chusovitinaning faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
– Biz hammamiz yaxshi bilamiz, u ilk Olimpiada o‘yinlaridagi ishtirokini 1992 yili Barselonada boshlagan edi. Shundan buyon tanaffussiz sakkiz marta Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etdi. Bu haqiqatan ham Ginnes rekordlar kitobiga kirgan dunyo sporti tarixidagi ulkan hodisadir.
Oksana Aleksandrovnaning Tokio Olimpiadasidagi navbatdagi ishtiroki muhim voqea sifatida e’tirof etildi. Dunyo jamoatchiligi Oksananing o‘ziga qat’iy ishonchini namoyon qilgan har bir chiqishini hayrat va havas bilan to‘lqinlanib kuzatib bordi.
Biz bunday afsonaviy sportchilarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning jasorati, g‘alabaga bo‘lgan intilishi yosh sportchilar uchun o‘ziga xos yuksak natijalar va shon-shuhrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari Oksana Chusovitinaning kelgusi murabbiylik faoliyatiga omad tilab, uning sport olamidagi katta tajribasi bo‘lajak chempionlarni tarbiyalashga hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Prezident Vazirlar Mahkamasiga Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini tashkil qilish va ularning faoliyati uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter