Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident matonatli sportchilarni nomma-nom e’tirof etdi (foto)

Prezident matonatli sportchilarni nomma-nom e’tirof etdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 sentyabr kuni XVI Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashdi.

Tadbirda Milliy paralimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, paralimpiyachilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham qatnashdi.

Ma’lumki, mazkur musobaqa 24 avgustdan 5 sentyabrgacha Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tdi. Unga yoshlarimiz 8 ta sport turi bo‘yicha 55 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi. Bu shu paytgacha yurtimiz sportidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

 Paralimpiyachilarimiz yuksak matonat va mahorat ko‘rsatib, 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medaliga sazovor bo‘lishdi. Yana bir e’tiborli tomoni, shu 19 ta medalning 11 tasini sportchi qizlarimiz qo‘lga kiritdi.

Umumiy hisobda mamlakatimiz terma jamoasi 160 dan ziyod davlatlar o‘rtasida o‘n oltinchi, Osiyo qit’asi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida to‘rtinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rinni egalladi.

Marosimda Prezidentimiz barchani sportchilarimizning ana shu  ulkan g‘alabasi bilan muborakbod etdi.

Davlatimiz rahbari musobaqada g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarni nomma-nom e’tirof etib, ularning murabbiylari va  ota-onalariga tashakkur aytdi.

– Sizlar erishgan yutuqlar tinimsiz jismoniy mashqlar bilan birga, kuchli ruhiy tayyorgarlik, mustahkam iroda va pok niyat samarasidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ulug‘ mutafakkir bobomiz Hakim Termiziy aytganlaridek, «Inson biron narsani yo‘qotsa, qayg‘urmasligi kerak. Faqat niyatni yo‘qotsa, qayg‘urishi kerak. Chunki har qanday xayrli ish pok niyat bilan ijobat bo‘ladi».

Yurtimizda sportchilarni tayyorlash va rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Olimpiada qatori Paralimpiya o‘yinlariga ham puxta tayyorgarlik uchun barcha sharoitlar yaratildi. Unda g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimizga avtomashinalar va poytaxtimizdan kvartiralar ajratildi. Prezident farmoniga muvofiq, barcha ishtirokchilar va ularning murabbiylari pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Prezidentimiz erishilgan natijalarni mustahkamlab, yanada ko‘proq yutuqlarni qo‘lga kiritish uchun 2024 yilda Parijda bo‘ladigan Paralimpiya o‘yinlariga hozirdanoq aniq tizim asosida tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ta’kidladi. Bu boradagi muhim vazifalar belgilab berildi.

Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarni sportga keng jalb etib, paralimpiya harakatini rivojlantirish, iqtidorlilarni saralab, tarbiyalash, xorijdan tajribali mutaxassis va murabbiylar jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.  

Sport ta’limi maskanlarida paralimpiya bo‘yicha bo‘limlar tashkil etilib, qo‘shimcha kvotalar ajratilishi, maxsus o‘quv dasturlari va metodika joriy qilinishi aytildi.

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi qoshida Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash institutini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. 

Paralimpiyachilarning salomatligini mustahkamlash, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish maqsadida ularni Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaziga biriktirish, dori-darmon bilan ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Bu yo‘nalishni qishki sport turlari bo‘yicha ham rivojlantirish, «Amirsoy» tog‘-chang‘i sport majmuasi hamda «Humo-Arena» muz saroyi bazalarida paralimpiyachilar uchun sharoit yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tarkibida «Matonat maktabi» tashkil etish taklifini bildirdi.

– Afsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayotda ozgina to‘siq yoki qiyinchilikka uchrasa, o‘zini yo‘qotib, umidsizlikka tushib qoladigan, nojo‘ya yo‘llarga kirib ketadigan yigit-qizlar ham yo‘q emas. Sizlar yoshlar bilan uchrashib, o‘z hayotingiz, mashaqqatli yo‘lingiz, qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tayotganingiz haqida so‘zlab bersangiz, ular albatta, sizlarga ergashadi, – dedi Prezident.

Paralipiyachilarning hayotini, yutuq va zafarlarini keng targ‘ib qilish zarurligi ham aytib o‘tildi.

– Ular taqdir sinovlariga mardona bardosh berib, sabr-toqat va shukronalik ruhi bilan, hayotda o‘z munosib o‘rnini topib yashayotganining o‘zi katta jasorat va qahramonlik namunasidir. Bunday insonlarning ibratli hayoti va faoliyati haqida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qanchalik ko‘p xabardor bo‘lsa, ulardan o‘rnak olib yashasa, bu jamiyatimizdagi ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhi faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Sportchi va murabbiylar, ota-onalar so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va rag‘bat uchun minnatdorlik bildirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring