O‘zbekistonlik sportchi Tbilisi gran-prisi sovrindori bo‘ldi

Kecha Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida dzyudo bo‘yicha nufuzli gran-pri musobaqasi start oldi. Musobaqada o‘zbekistonlik sportchilar ham ishtirok etyapti.
Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 66 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida gilamga chiqqan hamyurtimiz Shahram Ahadov ilk jangida mezbonlar vakili Zviad Xubulurini, keyin ozarbayjonlik Elchin Huseynovni mag‘lubiyatga uchratdi. Chorak finalda esa afsuski u braziliyalik Daniel Kargninga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Shunday bo‘lsada, hamyurtimizda bronza medali uchun kurashish imkoniyati saqlanib qoldi. O‘tish bahsida u gruziyalik Niko Chikaidzeni taslim etdi. Bronza medali uchun kechgan bellashuvda esa u boshqa bir mezbon sportchi Lasha Giunashvilidan ustun kelib, gran-prining bronza medali sohibiga aylandi.
Shahram Ahadov yanvar oyida bo‘lib o‘tgan Tunis gran-prisida oltin medalni qo‘lga kiritganini ham eslatib o‘tish lozim.
60 kilogrammgacha vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Doniyor Sultonboyev armanistonlik Vagan Xovsepyan va Qirg‘iziston vakili Otar Bestayevni mag‘lubiyatga uchratgandi. Ammo, yarim final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda u mezbon sportchi Lukumi Chkvimianiga yutqazib qo‘ydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter