Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Oyoqda bitilgan tarix». Nega 90-yillar bolalari Bekhemdek o‘ynashni orzu qilishgan?

«Oyoqda bitilgan tarix». Nega 90-yillar bolalari Bekhemdek o‘ynashni orzu qilishgan?

Foto: «En.onefootball.com»

O‘tgan asr intihosi, hozirgi asr boshidagi eng zo‘r to‘pteparlardan biri — Devid Bekhem bugun, 2-may kuni 45 yoshini qarshilayapti. Qoyilmaqom jarima zarbalari ustasi maydonda «qolib ketganida» shunchalik mashhurlikka erisharmidi, bilmadik, ammo millioner, jamoat arbobi, modalar olami yulduzi, eng mashhur va nufuzli insonlardan biri sifatida haliyam modada. Rossiyalik hamkasblarimiz Devid Bekhemni tavallud ayyomi bahona eslashibdi.

Londonlik

Devid Bekhem Londonda tug‘ilganini ko‘plar bilmasa kerak (haqiqiy fanatlardan uzr so‘raymiz). Qizig‘i, Bekhem nomi bilan birga tilga olinadigan shaharlar ro‘yxatida Londonni uchratish amri mahol. To‘g‘ri, eslanadi, ular ham ko‘pincha Bekhem Britaniya poytaxtiga kelib «Chelsi», «Tottenhem», «Arsenal» darvozasiga yoki bo‘lmasa Angliya terma jamoasining mehmonxonasi — Uemlida raqib termalarga urgan sanoqsiz gollar bilan bog‘liq o‘yinlar bo‘lib chiqadi. Devid Bekhem qalban hech qachon londonlik bo‘lmagan, eng qizig‘i, bunga futbol aybdor.

Devid Edvard Alan Bekhem jajji Devid bilan. Foto: «Global Look Press/Wiese»

Aslida hayron qolmasayam bo‘ladi. Futbol britaniyalik uchun kichik vatan — turarjoyni istagancha almashtirish mumkin, sevimli klubni esa — hech qachon. Bekhemning otasi «Manchester Yunayted»ning ashaddiy ishqibozi edi, deyarli har o‘yinni qoldirmasdan «Old Trafford»ga otlanardi (o‘sha paytdagi transportning holati nuqtai nazaridan buyam qahramonlik) va qaysidir ma’noda «MYu»ga muhabbatni o‘g‘liga ham yuqtirgan.

Devid Bekhem «Yunayted» akademiyasi 1992-yili bitiradi. Bu nafaqat Angliya futboli, umuman, sport olami tarixidagi eng yaxshi bitiruvchilar guruhlaridan edi. Bekhem bilan katta futbolga uchirma bo‘lganlar haqiqiy yulduzlar sifatida porlashdi: Rayan Giggz, Fil va Geri Nevillar, Pol Skoulz va Niki Batt. Angliya o‘smirlar kubogi finalida 1992-yili bu jamoa (uni keyinchalik «Klass 92» deb atashadi) «Kristal Pelas»ni mag‘lub etgan, Bekhem muhim o‘yindagi birinchi golini kiritgandi.

«Kristal Pelas» ustidan qozonilgan g‘alabaning nishonlanishi, 1992-yil 15-may. Foto: «Manutd.one»

1990-yillar ikkinchi yarmidagi Buyuk «Manchester Yunayted» birinchi navbatda «Bekhem jamoasi» edi. To‘g‘rirog‘i, ser Aleks Fergyusson va Devid Bekhem jamoasi. Ikkita qo‘chqorning kallasi hech qachon bitta qozonday qaynamagan. Qo‘sh g‘alabalarni esa xuddi shu ziddiyatli tandemning mevasi deyishadi, yanayam kim bilsin... Olti karra Angliya chempionligi (shundan uchtasi ketma-ket), Chempionlar ligasidagi zafar — ming yilliklar chegarasida «Yunayted»ni to‘xtatish osonmasdi. Faqat «Real Madrid» buni yaxshi uddalagan va «MYu»ni ligadan ikki marta chiqarib yuborgan. Ayniqsa, 2003-yildagi so‘nggi to‘qnashuvni manchesterliklar unutishmasa kerak — mag‘lubiyat yetmaganidek, oradan ko‘p o‘tmay madridliklar Devid Bekhemni ham o‘zlariga og‘dirib olishgandi.

Yer farzandi

Devid Bekhem har qancha superyulduz deb alqanmasin, baribir, uni «Yunayted»ning «yuzi», ramzi deya olmaymiz. Axir bu yerda butun faoliyatini (24 yil!) o‘tkazgan Rayan Giggz bor. Ana vatanparvar... Devid Bekhem esa haqiqiy kosmopolit — faqat o‘sishni istardi (albatta, ham professional, ham moddiy tomonlama). 2003-yili «Real»ga o‘tishining sababi oddiy — «Manchester»dan oladiganini olib va beradiganini berib bo‘lgandi.

Fergyusson bilan ham ziddiyat yetilib bo‘lgandi — murabbiy butsani otib, yuzini buzishi Bekhem uchun hammasidan oshib tushdi. Axir u paytga kelib, uning yuzi oyog‘idan kam obro‘ va pul keltirmayotgandi-da!..

Viktoriya va Devid

Foto: «Global Look Press via ZUMA Press»

«Spice Girls» xonandasi Viktoriya Adams va Devid 1997-yilda tanishishgan, ikki yil o‘tib turmush qurishgan.

«Manchester Yunayted»dan Madridga shunchaki navbatdagi yulduz emas, balki oyoqqa turib ulgurgan biznes-korxona ko‘chib borayotgandi. Hatto Viktoriya va Devid ikkalasiga bitta agent ishlagan paytlar ham bo‘lgan, agar futbol ham shou-biznesning bir qismi sifatida qaralsa, buning ham hayron qolarli tomoni yo‘q.

Faoliyatini rasman tugallashidan 10 yil ilgari, 2003-yili Devid Bekhem futbolchi sifatida sob bo‘lib ulgurganmidi — o‘sha paytda javobi topilmagan bu savolga endiyam javob berib bo‘larmikan?! Madriddagi to‘rt mavsum davomida Bekhem atigi 20 ta gol urdi («Manchester»dagidan ikki baravar kam), sovrinlarini-ku sanashgayam urinmang — atigi ikkita (vatanida 12 sovrin olgan). Ammo «Real» hujumida kimlar o‘ynagandi o‘shanda. Aslida bir Bekhem emas, «galaktikos» davri ham so‘nib borayotgandi — Madrid Figu, Zidan, Ronaldu, Kasilyas, Raul, Guti, Roberto Karlos kabi yulduzlarning portlash oldidan so‘nggi porlashiga guvoh bo‘layotgandi.

«Real Madrid» — Sevilya», 2007-yil 6-may. Foto: «Reuters»

Devid Bekhem faoliyatidagi «Real»dan keyingi jamoalarni eslay olasizmi — «Los-Anjeles Gelaksi», «Milan» yana «Pari Sen-Jermen»dagi 2013 yilda o‘tkazilgan g‘alati 10 ta o‘yin — Bekhem shunchaki pul uchun koptok tepardi. Shunchaki o‘ynab, ulkan boylikka ko‘milardi: 2004-yildan, futbolchi sifatida pastlay boshlashiga aks ravishda, Bekhem dunyodagi eng ko‘p pul topuvchi futbolchi sifatida jahon reytingi yetakchiligini qo‘liga olgandi.

Biznes

Devid Bekhemning reklama shartnomalarini ko‘rgan odamning hushi boshidan oshadi. 2003-yili birgina «Adidas»ning o‘zi unga $160 mln. to‘lagan! U bilan shartnoma tuzish uchun «PepsiCo» va «Walt Disney» navbat kutardi...Devid Bekhem kompyuter o‘yinini, butun boshli Xitoy futbol ligasini reklama qildi, Olimpiada-2008 da Buyuk Britaniya vakili («Led Zeppelin» sobiq gitarachisi Jimmi Peyj bilan birga) bo‘ldi, Olimpiada-2012 ochilishi mash’alasini u yoqib berdi, Afg‘onistondagi britan askarlari holidan xabar oldi, «Brexit»ga qarshi aksiyani faol qo‘llab-quvvatladi. Juda faol, charchamaydigan inson.

Foto: «RIA Novosti»

Bunaqa tadbirlardan qanchasida qatnashganini Devid Bekhemning o‘zi ham eslolmasa kerak. Endigi xayriya faoliyatiniku futboldan kam olib bormayapti.

Futbolni sog‘ingan Bekhem

Devid Bekhem va «Klassa 92»dagi do‘stlari 2014 yili bir bo‘lib sakkizinchi diviziondagi (!) «Solford Siti»ni sotib olishdi, garchi keyinchalik «Solford» to‘rtinchi diviziongacha ko‘tarilgan bo‘lsa hamki, bu shunchaki ermak edi. Bekhem esa o‘zining haqiqiy futbol jamoasi bo‘lishini orzu qilardi.

Amerika ligasi bilan (sokker qonun-qoidalariga ko‘ra, AQShda klublar bilan emas, butun liga bilan shartnoma imzolanadi) shartnoma tuzayotgan 2007-yili Bekhem ajoyib opsionni — MLSning yangi jamoasini qandaydir «arzimas» $25 mln. evaziga qo‘lga kiritish huquqiga ega bo‘ldi. Oradan 10 yil o‘tib bu huquqdan foydalanib «Inter Mayami»ni sheriklikda sotib oldi, bu jamoa pandemiya boshlanganidan keyin to‘xtatilgan MLS-2020 mavsumida ikkita debyut o‘yinini o‘tkazib qo‘sh mag‘lubiyat qabul qilib olishgayam ulgurdi.

Devid Bekhem bugun 45-tavallud kunini «Instagram»da qariyb 63 mln. nafar muxlislari bilan baham ko‘rib, o‘ziga o‘xshagan yulduzlar bilan efirlarda ko‘rinish beryapti. Ammo Bekhemdek o‘ta faol, tinib-tinchimas inson uchun bu oz — Devid karantinda zerikkanini, mavsum tezroq ochilishini kutayotganini yashirmayapti. Haqiqiy futbolni sog‘ingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring