Neymarning yangi jamoasi ma’lum bo‘ldi

Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi hujumchisi Neymar vataniga — professional faoliyatini boshlagan «Santos»ga qaytadi. Jurnalist Fabritsio Romano bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, «Santos» yuqori maoshli futbolchi bilan xayrlashish istagidagi «Al-Hilol»ga rasmiy taklif yo‘llagan.
Neymar «Al-Hilol»ga 2023-yil yozida «Pari Sen-Jermen» (Fransiya)dan €90 mln evaziga o‘tgandi. Yangi jamoasida u atigi beshta o‘yin o‘tkazib, bitta gol urgan. 2023-yil 18-oktyabrda Braziliya Urugvayga qarshi o‘tkazgan o‘yinda Neymar jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqandi.
Neymarning eng yaxshi jamoasi u 2013–2017-yillarda to‘p surgan «Barselona» bo‘lib qolmoqda. Kataloniyaliklar libosida ikki karra Ispaniya chempioni (2014/15, 2015/16), uch karra Ispaniya kubogini qo‘lga kiritgan, 2014/15 mavsumida Yevropa chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan. Braziliya terma jamoasi bilan esa 2016-yilda Olimpiya o‘yinlarini yutgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter