«Jamoaviy-oilaviy mojaro»: Nega «Inter» Mauro Ikardini sardorlik bog‘ichidan mahrum qildi?
Mauro Ikardining «neradzurri»lar rahbariyati bilan munosabatlari shunchalik yomonlashdiki, u nafaqat sardorlik bog‘ichisiz, balki «Inter»siz ham qolishi ehtimolga yaqin. Jamoa rahbariyati uning shartnomasini uzaytirishga shoshilmayapti, shunday ekan yozgi transfer oynasida Ikardi «erkin agent» maqomida ketsa ajablanmaymiz.
Yaqinda Mauro Ikardining xotini va agenti — Vanda Nara navbatdagi marotaba klubdan futbolchining maoshini oshirishni talab qilgani o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi.
Vanda birinchi marta odob doirasidan chiqayotgani yo‘q. Blogida yozadiki, «Mauro Ikardini o‘z safida ko‘rishni xohlayotgan klublar» juda ko‘p, ammo qaysi klubligini aytmagan. Bu bilan agent xonim «Inter» Ikardini saqlab qolish uchun harakatini qilishi kerak (ya’ni maoshini oshirsin) demoqchiligini anglab olish qiyinmas.
Vandaning shamalarini klub rahbariyati noto‘g‘ri tushungan shekilli, Ikardining sardorlik bog‘ichini olib qo‘ydi. Endi Samir Xandanovich milanliklarga bosh bo‘ladi.
Mauroning «Inter»dagi shartnomasi va kelgusi taqdiri nima bo‘lishi haqida OAV da har xil taxminlar urchimoqda.
«Corriere dello Sport» yozishicha, yiliga 6 million yevrolik maoshni ko‘zda tutuvchi yangi — 2023-yilgacha shartnoma allaqachon tuzib qo‘yilgan. «La Gazzetta dello Sport» esa aksincha fikrda: «Inter» rahbariyati bonuslarni hisobga olmaganda yiliga 7,5 million yevro maosh so‘rayotgan Vanda Narani eshigidan ham kiritmayapti va Ikardidan agentini almashtirishni so‘ramoqda, Mauro esa bunga keskin rad javobini bergan.
«Inter» bosh murabbiyi Luchano Spalletti Mauro Ikardining yetti o‘yindan beri gol ura olmayotganini aynan yangi shartnoma masalasi «osilib yotgani» bilan izohladi.
Ikardi «Inter» sharafini 2013-yildan beri himoya qilib keladi. Argentinalik hujumchi 179 o‘yin o‘tkazib, 109 ta gol urgan. Milandagi jamoaviy-oilaviy mojaroni Madridda «Real» va «Atletiko» ham diqqat bilan kuzatmoqda — Mauro ularga ham kerak bo‘lib qolishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter