Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Magnus Karlsen jahon chempioni maqomini saqlab qoldi

Magnus Karlsen jahon chempioni maqomini saqlab qoldi

Magnus Karlsen.

Foto: «Chess.com»

Norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsen rossiyalik Yan Nepomnyashiy bilan jahon shaxmat toji uchun bo‘lib o‘tayotgan kurashning 11-partiyasini o‘z foydasiga hal etib, yakuniy g‘alabaga erishdi, deyiladi «Interfaks» xabarida.

Juma kuni qora donalarda o‘ynagan Karlsen, navbatdagi g‘alabasidan so‘ng 7,5 ball to‘plab, Nepomnyashiy (3,5) bilan o‘rtadagi farqni chempionlikni ta’minlovchi darajaga yetkazib oldi (turnir qoidalari ushbu havolada). 

Ushbu bahslarga Dubayda 26-noyabr sanasida start berilgandi. Dastlabki besh o‘yin durang bilan yakunlandi, oltinchisida Karlsen ustun keldi: ushbu partiya chempionlik uchun kurashlar tarixida rekord darajada ko‘p yurish qilingan o‘yin sifatida esda qoladigan bo‘ldi — 136 yurish. Norvegiyalik shaxmat qiroli sakkizinchi va to‘qqizinchi partiyalarda ham zafar qozondi.

O‘yindan lavha. Foto: «Kommersant»

Ma’lumot uchun: Hozirda 31 yoshga to‘lgan Magnus Karlsen shaxmat bo‘yicha 16-jahon chempioni hisoblanadi. 23 yoshida (2013-yil) da’vogarlar turnirida qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha rossiyalik Vladimir Kramnikni ortda qoldirib g‘olib chiqqan. O‘sha yili amaldagi jahon chempioni Vishvanatan Anand (Hindiston)ni yengib, navbatdagi chempionga aylangan.

2014-yili Karlsen jahon shaxmat toji uchun kurashda Anandni yana bir bor mag‘lub etgan, 2016-yilda rossiyalik Sergey Karyakin, 2018-yilda amerikalik Fabiano Karuanaga qarshi o‘tkazilgan o‘yinlarda jahon chempioni maqomini sharaf bilan himoya qilgan.

Yan Nepomnyashiy ham 31 yoshda. Yevropa chempioni, jamoalar o‘rtasida jahon chempionati hamda Rossiya chempionatining  ikki karra g‘olibi sanaladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring