La Liga jumbog‘i: kim chempion bo‘ladi?
Bugun, 22-may — Ispaniya chempionligi masalasi uzil-kesil hal bo‘ladigan kun. Chempionlik poygasida faqat Madridning «Atletiko»si va «Real»i qolgan. Marraga oz qolganida qoqilgan «Barselona»siz ham turnir shiddati aslo pasaymagan. Zero, so‘nggi turda, so‘nggi imkoniyatda madridliklarni «sovg‘a jamoalar» kutib turgani yo‘q.
La-Liga jadvali so‘nggi tur arafasida
(«Levante — «Kadis» so‘nggi turni o‘tkazib bo‘lishdi: 2:2)
Kimda qanday imkoniyat qolgan?
38-tur oldidan turnir yetakchisi «Atletiko» hisobida 83 ochko bor, ta’qibchisi «Real»da esa 81 ochko. Ikki ochkolik farq «Atletiko»ning xotirjam bo‘lishi uchun yetarli emas, o‘zaro o‘yinlarda ustunlik «Real» foydasiga. «Atletiko» ham bugun faqat g‘alaba uchun o‘ynashi aniq.
Oltin medallar uchun kurashayotgan «Atletiko» safarda La Ligada jon saqlab qolish uchun juda oz bo‘lsa-da «real» imkoniyatga ega «Valyadolid» (19-o‘rin, 31 ochko) bilan to‘qnashadi. G‘alaba nazariy jihatdan «Valyadolid»ga umid bag‘ishlaydi, chunki ikki ochko oldinda borayotgan ikki raqibi ham og‘ir o‘yinlar o‘tkazadi: «Elche» (18-o‘rin, 33 ochko) «Atletik Bilbao» (9-o‘rin, 46 ochko)ni, «Ueska» (17-o‘rin, 33 ochko) «Valensiya» (13-o‘rin, 42 ochko)ni qabul qiladi.
O‘z maydonida to‘p suruvchi «Real Madrid»ga ham osonmas: raqib — 58 ochko to‘plab 7-o‘rinda ketayotgan, Yevropa ligasi uchun kurashayotgan «Vilyarreal».
Durangga umid qilib chempionlikdan quruq qolishini bilgan «Atletiko» so‘nggi turda borini to‘kishi aniq. «Real»ga bir qarashda oson emasdek, biroq Emeri o‘z tajribasidan kelib chiqib, Yevropa Ligasi finalidan ko‘proq umid qilishi va bor kuchini o‘sha o‘yinga atab qo‘ygan bo‘lishi ham ehtimolda yo‘q emas.
Va nihoyat 3-o‘rin taqdiri «eng zerikarli»: «Sevilya» — «Alaves», «Eybar» — «Barselona» o‘yinlarida hal bo‘ladi. «Barselona» La Liga bilan xayrlashayotgan jamoaga yutqazib qo‘ygan taqdirda, sevilyaliklar «bronza»dan umidvor bo‘lishlari mumkin, ammo buning uchun o‘z o‘yinida g‘alabaga erishishi shart.
So‘nggi tur arafasida «Barselona» 76 ochko, «Sevilya» 74 ochko to‘plagan.
Bugungi barcha markaziy o‘yinlar bizning vaqt bilan soat 21:00 da boshlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter