Futbol — sportmi yo siyosat? Eron o‘rniga Italiya jahon chempionatiga borishi mumkin...
Italiya terma jamoasi, garchi turnir saralash bosqichida omadsizlikka uchragan bo‘lsa-da, 2022 yili Qatarda o‘tadigan jahon chempionatida qatnashishi mumkin. FIFA mundial qatnashchilari orasidan Eronni chiqarib yuborsa, bu ish amalga oshadi.
«Football Italia» yozishicha, Xalqaro futbol federatsiyasi Eronda ayollar stadionlarga kiritilmayotgani bois shu masalani ko‘rib chiqyapti.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan Eron – Livan o‘yinida chipta sotib olgan 2 ming nafar ayol stadionga kiritilmadi. Norozilik bildirib stadionga kirishga uringanlarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi ballonchalarni qo‘llashgan.
Agarda Eron jahon chempionati qatnashchilari safini tark etsa, unda Italiya uning o‘rnini egallash uchun «birinchi raqamli» nomzodga aylanadi. Sababi — turnirga yo‘llanma ololmagan jamoalar orasida reytingi eng yuqori, deyiladi xabarda.
P.S.: Qirq yildan buyon sanksiyalarga ko‘milib yashayverib, xalqaro cheklovlarga «immunitet» orttirgan Eron rahbariyati bitta futbolni deb yon beradiganlar xilidan emas. Jabrini tortadigan oddiy xalq (muxlislar) — yonginangdagi mundialga borolmaslik alamli. Shundoq ham Qatar mundiali saralashi siyosiylashib ketdi... Eronlik futbolchilar shuncha mehnat qilib mundialsiz qolaveradimi, shimoliy makedoniyaliklarga o‘z maydonida mag‘lub bo‘lgan italiyaliklarga yo‘llanma berilishi qolgan omadsiz jamoalarda norozik uyg‘otmaydimi? Umuman, futbol — sportmi, yo siyosat? FIFA juda ko‘p savollar ustida bosh qotirishi kerak. Kuzatamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter