«Shafqatsiz» jang ortidan Amerikada to‘rt karra O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targan buxorolik hunarmand
![«Shafqatsiz» jang ortidan Amerikada to‘rt karra O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targan buxorolik hunarmand](https://static.xabaruz.com/crop/1/5/720_460_95_1573317836.jpg)
Jamshid Hayitov, 1987-yilda Buxoro shahrining Mohi-Xosa mahallasida hunarmand oilasida tug‘ilgan. U kashtachilik amaliy san’ati, zargarlik, chekankachilik va naqsh o‘ymakorligi, pichoqchilik hunarlarining ustasi.
Maktab va kollejda tahsil olgan kezlarida sportning erkin kurash turi bilan ham shug‘ullangan. O‘zbekiston chempioni va sport ustaligiga nomzod Jamshid 15-16 yoshidayoq erkin kurash, dzyu-do sirlarini ham o‘zlashtirib olgan. Buxoro Olimpiya zaxiralari sport bilimgohida tahsil olib, tajribali sport murabbiysi Mitxat Garifulindan kurash saboqlarini o‘rgangan.
E’tiborlisi, Jamshid 2017 yildan buyon Amerikada hunarmandchilik do‘konini ochib, shu davlatda yashab, ishlab kelmoqda. U submission (grepling) musobaqalarida g‘oliblikka erishib, qo‘shma shtatlarda to‘rt karra O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targan.
«Hech ikkilanmay ayta olamanki, bu yerda ortingdan hech kimingsiz, mehnat va harakating bilan 40 yilda erisha olmagan maqsadlarga 4-5 yilda erishish mumkin. Bugun Amerikada jang va hunarmandchiligim orqasidan topganlarim evaziga Qo‘shma Shtatlarda hovli-joyim, bir nechta avtomashinalarim bor...»
«Men tug‘ilib o‘sgan hovli shundoq Mohi-Xosa muzeyi bilan yonma-yon. Bolaligimdan shu muzeyning chiroyi, devorlaridagi naqshinkor bezaklari meni o‘ziga maftun qilib kelgan. «Qaniydi, menam shunday naqshlar chiza olsam» degan havas bilan muzeydan beri kelmaganman.
Otam Rajabboy akaning aytishlaricha, 7 yoshimda muzey devorlaridagi naqshlar aksini qog‘ozga tushirgan ekanman. O‘sha paytda chizgan rasmlarimda ayqash-uyqash, biri-biriga chaplanib ketgan noaniq naqshlar aks etganini o‘zim ham elas-elas eslayman. Bora-bora, muzey devorlaridagi naqshinkor bezaklar nusxasini xuddi o‘zidek qog‘ozga ko‘chira oldim. 14 yoshimda guldasta naqshini chizganman. Onam Halima aya Sharipova bu rasmni kashta so‘zanaga ko‘chirdi. O‘shanda hech esimdan chiqmaydi, onamning mahoratiga hayratim oshib: «Ona, ninani mengayam berib turing, menam kashta tikib ko‘ray»,-deb qo‘llariga yopishganman (kulib). Barmog‘imga nina sanchilib ketgandi.
Oradan qancha yillar o‘tdi. Bu yillar davomida onamdan kashtachilik amaliy san’at turini, otamdan pichoqchilikni, mashhur usta Shavqiddin Kamolovdan zargarlik, chekankachilik hamda naqsh o‘ymakorligini o‘zlashtirib oldim. Shundan so‘ng asta-sekin Buxoro hunarmandchilik maktabining iste’dodli vakillaridan biri sifatida e’tiborga tusha boshlagandim»,— deydi Jamshid.
Oilaviy hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelgan Jamshidning uy-ustaxonasida uning mehnati ila yaratilgan so‘zana, kirpech, dorpech, choyshab, oynaxalta, choyxalta kabi kashtado‘z matolarni, shuningdek, uchburchak, yulduzcha, oltiburchak va guldasta naqshli, qolaversa, milliy obidalar tasviri aks etgan o‘ymakorlik buyumlarining nafisligi, go‘zalligi, tovlanishini ko‘rib, beixtiyor hayratingiz oshadi.
Ma’lumki, kashtado‘zlik – amaliy san’atning qadimiy sohalaridan biri. Kashtado‘zlikka xos badiiy buyumlar o‘zbek, tojik, turkman xonadonlarida tayyorlangan. Kashta choklari, kashta tikish va uslublarining turli-tumanligi o‘zbek kashtado‘zlarining san’atidan dalolat beradi. Buxoro mahsulotlari ko‘proq yo‘rma chok bilan tikilgan.
«Biz kashtado‘z matolar uchun amaliy bezak san’atining boshqa turlaridagi naqshlardan andaza olamiz. Bu kashtalarda o‘simliksimon tasvirlar, shox, gulband, guldastalar ko‘p uchraydi. Naqqoshlik, zargarlik esa hunarmanddan nihoyatda serdiqqatlilik, ishga juda nozik yondashuvni talab etadi. 2017 yilgacha shunday e’tibor va diqqat bilan hunarmandchilikning turli yo‘nalishlarida yaratgan san’at asarlarimni Shanxay, Chexiya, Praga, Germaniya, Amerika va boshqa davlatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmalarga olib bordim», — deydi Jamshid.
E’tiborlisi, u turli mamlakatlardan kelgan chet elliklar san’at darajasiga yetkazilgan buyumlarni katta qiziqish bilan xarid qilishgan. Xaridorgir va sifatli milliy hunarmandchilikka xos bo‘lgan ham sharqiy, ham g‘arbiy uslublardagi buyumlar turli xalqaro ko‘rik-tanlovlarida ham munosib taqdirlangan.
«Hunarmandchilik buyumlarimizning asosiy xaridorlari xorijliklar ekani sababli menda Amerikada Buxoro hunarmandchiligini o‘zida namoyon etgan bir do‘kon ochish niyati tug‘ildi. Va Amerikada yashashni maqsad qildim»,— deydi Jamshid.
«O‘zingiz ko‘rmagan va bilmagan bunday katta shaharda sizni hunarmandchilik do‘koningiz “kutib” turganmidi» —so‘raymiz kulib suhbatdoshdan.
«Ha, to‘g‘ri, Amerikani orzu qilish boshqa, undan eplab yashab ketish boshqa ekan. Amerikaning Michigan shtatiga kelib qo‘ndim. Hech kimni tanimayman. Til bilmayman. Qo‘limda faqatgina Buxoroga sayyoh bo‘lib kelgan va hunarmandchiligimga qiziqqan u-bu sayyohlarning tashrif qog‘ozlarigina bor edi. Telefon orqali so‘zlashishni bilmaganim uchun ham tashrif qog‘ozdagi manzil orqali bordim. Ulardan biri do‘kondor ekan. Meni tanishdi va xursand bo‘lib qarshilashdi», — deydi Jamshid.
Suhbatdoshga ko‘ra, u 2017 yilda Amerikaning Michigan shtatida yashab, ishlay boshlagan. 2018 yil boshida esa u Oregon shtatiga ko‘chib, eng yirik shaharlaridan bo‘lgan Portlend shahriga joylashgan.
«Amerikada birinchi ishni shu do‘kondorning yirik do‘koni xizmatchiligidan boshlaganman. Kunduzlari do‘konda ishlaganman, chang tozalaganman, pol yuvganman, savdo ishlarigayam qarashganman. Kechqurunlar esa odamlarning uyida ishlab, kafellar terganman, yog‘och o‘ymakorligidan ham xabarim borligi uchun naqshinkor yog‘och eshik-derazalar taxlab berganman»,— deydi suhbatdosh.
U maqsadiga erishish uchun pol yuvish, chang artishdan ham qochmagani, mehnat qilgani haqida so‘zlaydi.
«Mehnatning aybi yo‘q. Axir yelkamga katta yuk, mas’uliyatni olib kelganman. Bog‘-rog‘larga qarash, gul parvarishlashgacha o‘rgandim. Oradan ko‘p emas, bor-yo‘g‘i, ikki-uch oy o‘tib, o‘zimning kichikkina hunarmandchilik do‘konimga ega bo‘ldim. Bu orada Buxoroda ishlab yurgan usta hunarmand jiyanimni ham yonimga chaqirib oldim. Do‘konimizni o‘z qo‘llarimiz bilan to‘qigan kashtado‘z matolar va naqshin laganlaru, yog‘och o‘ymakorligi buyumlari bilan to‘ldirdik. Sportning erkin kurash turi bo‘yicha erishgan yutuqlarimni ko‘rsatib turuvchi qator diplom va faxriy yorliqlarimni ham devorlarga ildim. Yasagan buyumlarimizga chet elliklarning hayrat va qiziqish bilan qarayotganlarini, xaridorlarimiz oshib ketayotganini ko‘rib, ichimizga sig‘maganmiz»,—dedi suhbatdosh.
Shunday kunlarning birida Jamshidning Amerikadagi hunarmandchilik do‘koniga bir xaridor kelgan va uning O‘zbekiston sportidagi yutuqlarini ko‘rib, Portlend, Oregon shtatida joylashgan Team Quest klubiga borishni taklif qilgan.
«Shundan so‘ng Team Quest klubi faoliyati meni o‘ziga jalb eta boshladi. Team Quest klubidagi sport turi, aniqrog‘i, jang hatti-harakatlaridagi chaqqonlik va epchillik talabiyati o‘zimizning erkin kurash turiga yaqinroq turadi. Ammo qattiqo‘llik, raqibga kuchli va keskin zarba berishda ikkilanmaslik jihatlari bilan biroz farqli. U klubga bordim va qatnashish istagim borligini tushuntirdim. Shunda ushbu sport turi bilan shug‘ullanishim uchun har oy 400 AQSh dollari to‘lashim kerakligini aytishdi. To‘lovni amalga oshirdim. Avvaliga menga umuman e’tibor qilishmadi. Vaholanki, jussam amerikaliklar oldida juda kichik, ustiga-ustak, oddiygina kiyinganman. Ko‘p ishlaganimdan yirtilgan shyortik, rang-bo‘yoq chaplangan eski futbolkadaman. Bu ahvolimda menga nopisand qarashganini ham yashirmayman. Shunday kunlarning birida mashqlar jarayonida klub ishtirokchilari bilan kurashayotib, o‘zim anglamagan holda o‘zimizning erkin kurashning ayrim hatti-harakatlaridan foydalanibman. Shu choq kutilmaganda murabbiyning hushtagi chalindi. Mashqlar keskin to‘xtatildi. Ko‘nglimdan: «Eh, endi meni haydab yuboradi. Bu klubga yozilishga osonlikcha erishganmidim», -degan bir og‘riq o‘tdi. Murabbiy meni oldiga chaqirdi. Bu paytgacha esa ingliz tilini ancha-muncha o‘zlashtirib olgandim. U qaysi davlatdan ekanimni so‘radi. «O‘zbekistonlikman!»-dedim. Murabbiy yelkamga qo‘lini tashlab, xursand bo‘lib, hozirgina men qilgan hatti-harakat qanday mashq ekaniga qiziqib qolganini aytdi. Tushuntirdim. Murabbiy esa bugundan boshlab, klub qatnashchilariga ushbu hatti-harakatlardan ayrimlarini o‘rgatishimni so‘radi. Qabul qildim. Hayajonlanibmi, «Meni haydab yuborasiz, deb qo‘rqib ketibman» ham debman. O‘shanda hamma kulib yuborgandi»,— so‘zlaydi suhbatdosh kulib.
Jamshidga ertasigayoq bu borada tavsiya qog‘ozini berishgan. Shu bilan u Michigan shtatidan Portlend, Oregon shtatiga ko‘chgan. Unga Meat Lindlind rahbarligidagi Team Quest klubida menga tajribali murabbiy Peat Hill ustozlik qilgan.
Asli hunarmandchilikning turli yo‘nalishlarida dongdor bo‘lgan buxorolik Jamshid Hayitov Amerikada sportning submission, ya’ni grepling turi bilan shug‘ullanishga kirishib ketgani va erishgan natijalari xususida so‘zlab berdi. O‘zinig aytishicha, u Amerika open Oregon grepling chempionat»da qatnashgan va Kanada, Yaponiya, Tayland davlatlaridan kelgan kurashgirlar bilan jangga chiqqan.
«Ilk bor, 2018 yilda «Amerika open Oregon grepling chempionat»ida Kanada, Yaponiya, Tayland davlatlaridan musobaqaga kelgan kurashgirlar bilan jangga chiqdim. 220 paundda (96 kilogramm) ketma-ket uch raqibimga zarba berib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. 2019 yilda Vashington shtatida bo‘lib o‘tgan bellashuvda 195 paund bilan jangga kirishgan edim. Ketma-ket g‘alabalarim Team Quest klubi rahbarlarini mamnun qila boshladi. Amerika sportidagi bir jihat e’tiborimni tortgan. Men Team Quest klubi nomidan jangga chiqqan bo‘lsam-da, g‘alabalarim «O‘zbekiston” nomi bilan qayd etilgan. Ishonasizmi, men har gal jangga chiqib, g‘alaba quchganimda tablodan o‘z ismimni emas, davlatimiz bayrog‘ini izlardim. 50 dan ortiq davlat bayroqlari qator turgan tablodan O‘zbekiston bayrog‘ining mag‘rur hilpirab, butun boshli tabloni egallashini ko‘rishning o‘zi katta bir hayajon. Pandemiya davriga qadar uch bor O‘zbekistonimiz bayrog‘i g‘alabalarimga guvoh bo‘ldi»,— deydi suhbatdosh g‘urur bilan.
Jamshid Hayitovning aytishicha, u ilk ringga chiqqanda, qo‘l telefonini jang maydoni burchagiga qo‘yib, bir necha bor o‘z kurashini o‘zi videoga olishiga to‘g‘ri kelgan.
«Tomoshabinlarni tanimasdim, to‘g‘risi, ularga «kurash chog‘ida meni suratga oling», deb so‘rab qo‘yishgayam xijolat bo‘lganman. Keyingi chiqishlarimni esa raqiblarimning yaqinlari suratga olishib, o‘zlari qo‘l telefonlarimga tashlab berishgan. Bilsangiz, Amerikada qaysidir murabbiyning o‘g‘li yoki pul g‘olib bo‘lmaydi. Halollik ustun, g‘irromlik yo‘q. Ularning ko‘zi o‘ngida oddiygina pol yuvib, kafel terib yurgan xorij bolasi edim. Sening harakating bormi, kuchingni, bilimingni ko‘rsata olasanmi, sen g‘olibsan!» — deydi Jamshid.
U ilk jangdayoq faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.
«Bu erish tuyular, ammo g‘oliblikka qo‘lim ko‘tarilib, davlatimiz bayrog‘i hilpirab tushayotganda o‘kirib yig‘lab yuborgandim... Bilasizmi, o‘shanda nimagadir ko‘z oldimga bolaligim, Moxi-Xossa muzeyida devorlarda naqsh chizib yurgan kezlarim kelib ketgan. Haligacha buning sababini tushunolmayman», — deydi suhbatdosh.
«Nega, sababi ayon, nazarimizda. Bunga sportdan ko‘ra, hunarmandchilikka qalban yaqinligingiz sababdir, balki»,-deymiz.
«Bo‘lishi mumkin. Tajribali murabbiyim Peat Hilldan olgan saboqlarim kurashning submission, ya’ni grepling turi bo‘yicha muvaffaqiyatga erishishimga sabab bo‘ldi. Hunarmandchilik esa har kunimning poydevori. Bir jihatdan olganda, men sportning bu jang turini hech ikkilanmay, «shafqatsizlik», deb atayman. To‘g‘ri, bu jang hatti-harakatlaridagi chaqqonlik va epchillik talabiyati o‘zimizning erkin kurash turiga yaqinroq turadi. Ammo qattiqo‘llik, raqibga ayovsiz kuchli va keskin zarba berishda ikkilanmaslik jihatlari bilan mutlaqo farq qiladi. Jang chog‘ida tana a’zolaringning qattiq lat yeyishi yoki sinishi ikkinchi taraf uchun qiziq emas. Muhimi, o‘zingni himoya qila bilishing, shafqatsiz zarbalarga shafqatsiz zarba bilan javob qaytarishga tayyor turishing kerak. Jangning maqsadi shu: har qanday vaziyatdayam g‘alabaga erishish. Hatto, hushdan ketish yoki o‘lim holatlari sodir bo‘lganda ham. Sportning bu turida ishtirokchi shu talabiyatni bo‘yniga olib chiqadi»,— deydi u.
«Albatta, yirik pul tikilishi evaziga»-deymiz.
«Shunday. Juda yirik pul tikiladi. Bu tikilgan pul evaziga bir nechta avtomashina sotib olish mumkin... Shu bois ham bu jangda faqat halollik ustun. Team Quest klubidan o‘rganganlarim meni o‘ta qattiq zarbalarga pishirgan bo‘lsa, o‘zbek maktabida ongimga singdirilgan «kurashdagi-halollik» tushunchasi meni g‘alabaga boshlagandek bo‘laveradi. Hunarmandchilik esa ko‘nglimning tub-tubigacha jon tomirlarimga ulangan»,— deydi u.
Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra u, 2021 yilda ham «Amerika open Oregon grepling chempionat»da musobaqasida qatnashib, kurash chog‘ida yaponiyalik raqibi bilan olishayotganda ikkita qovurg‘asidan jiddiy jarohat olgan. Biroq, bor kuchini ishga solib, kurashda davom etgan. G‘alabalari qatorini ring maydoni tablosini to‘rtinchi bor O‘zbekiston bayrog‘i to‘ldirgan.
Jamshidning Amerikadagi ayni paytdagi turmush tarzi bilan qiziqdik.
«Hech ikkilanmay ayta olamanki, bu yerda ortingdan hech kimingsiz, mehnat va harakating bilan 40 yilda erisha olmagan maqsadlarga 3-4 yilda erishishing mumkin. Bugun Amerikada jang va hunarmandchiligim orqasidan topganlarim evaziga Amerikada hovli-joyim, bir nechta avtomashinalarim bor. To‘g‘ri, keyingi paytlarda dunyoda bo‘layotgan notinchlik Amerika iqtisodigayam juda qattiq ta’sir ko‘rsatayapti. Narx-navo ko‘tarilayapti. Turli davlatlardan keladigan muhojirlar oqimi ko‘payyapti, ish hajmi esa pasaygan. Lekin shunga qaramasdan, harakatdan to‘xtab qolganim yo‘q. Chunki hamma vaqt ham oldinga intilish kerak, orqaga emas»,— deydi Jamshid.
U suhbat chog‘ida o‘tgan yil jang maydonida olgan og‘ir jarohatining asorati hali uni tark etmagani, davolanishda davom etayotgani haqida ham to‘xtaldi.
«Og‘riqlisi, qovurg‘amdagi jarohat haligacha bitmagan. Davolanishda davom etish barobarida, ayni paytda o‘zbek milliy taomlari, jumladan, buxorocha taom va pishiriqlarni ham pishirib-sotib, qo‘shimcha daromad topayapman. Har haftaning juma kunida oilaviy sharoiti yetarli bo‘lmagan o‘n-o‘n besh xonadonda ehson ulashishni kanda qilmayman. Orttirganlarim bugun Buxoroda yashab, umrguzaronlik qilayotgan, hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan ota-onam, oilam ta’minotiga ham katta hissa bo‘layapti. Bundan tashqari, har yilda bir marotaba yurtimni ziyorat qilib kelaman. Xudo xohlasa, Amerikaga turmush o‘rtog‘im va qizimni ham o‘zim bilan birga olib ketaman»,— dedi suhbatdosh.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter