Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Harbiylarimiz jahon chempionatida faxrli natijaga erishdi

Harbiylarimiz jahon chempionatida faxrli natijaga erishdi

Xalqaro harbiy sport kengashining (CISM) sport musobaqalari kalendar rejasiga binoan 2021-yilning 3-4-iyul kunlari Ispaniyaning Lansarote shahrida «Triatlon» bo‘yicha harbiy xizmatchilar o‘rtasida 22 jahon chempionati o‘tkazildi. Triatlon – bu sportning (suzish, velosport va yugurish) turlarini birlashtirgan alohida sport turi hisoblanadi. Musobaqa har 4 yilda o‘tkaziladi.

Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 14 mamlakatidan 154 nafar eng kuchli va nomdor triatlonchilar g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.

Musobaqa shartiga ko‘ra ishtirokchilar 4 km masofaga suzish, 180 km masofani velosipedda bosib o‘tish hamda 42 km 195 metr masofani uzluksiz harakatda bajarishi lozim bo‘ldi.

O‘ta murakkab sport turi hisoblangan mazkur bellashuvda minglab xalqaro toifadagi sportchilar o‘zlarini sinab ko‘rdilar. Xalqaro harbiy sport kengashi (CISM) tarixida ilk bor musobaqada ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Respublikasining terma jamoasi bir-biridan qiziqarli kechgan bahslarda kuch va g‘alabaga bo‘lgan irodalarini namoyon etishdi va umumjamoa hisobida Rossiya Federatsiyasi vakillaridan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallashdi. Yurtdoshimiz, Qurolli Kuchlari vakili shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi Alina Hakimova barcha ishtirokchilar orasida shaxsiy birinchilikda ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 18-24 yoshgacha bo‘lgan sportchilar orasida birinchilikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Alina joriy yil oktyabr oyida Kona shahrida (Gavayi, AQSh) bo‘lib o‘tadigan triatlon bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish huquqini beruvchi litsenziyaga ham ega bo‘ldi.

Terma jamoamiz vakillari triatlon bo‘yicha dunyoda kuchli hisoblangan Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Belgiya, Vengriya kabi mamlakatlarning sportchilarini ortda qoldirdilar.

Sportchilarimiz O‘zbekiston Triatlon Federatsiyasi hamda Mudofaa vazirligi sport markazining tajribali murabbiylari ko‘magida musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandilar. Yaratilgan keng ko‘lamli shart-sharoitlardan unumli foydalangan vakillarimiz o‘zlarini har tomonlama toblab, musobaqa davomida erishgan natijalari bilan bildirilgan yuksak ishonch va e’tiborga munosib javob qaytarishdi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu nufuzli musobaqada Osiyo mamlakatlari orasidan faqat O‘zbekiston terma jamoasi ishtirok etdi. Albatta, musobaqa shartlari aytishgagina oson, ammo har bir murakkab bosqichdan muvofaqqiyatli o‘tishning o‘zi katta bir g‘alaba.

Nufuzli musobaqada yuksak natija ko‘rsatgan vakillarimiz bugun, 6 iyul kuni erta tongda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida harbiy orkestr musiqa sadolari ostida tantanali kutib olindi. Marosimda mamlakatimiz sport mutasaddilari, harbiy xizmatchilar va sportchilarning yaqinlari ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring