Habib va Konor o‘rniga Mikki Maus...
Amerikaning mashhur «Disney» kompaniyasi aralash janglar ligasi — UFC ni sotib olmoqchi. Ekspertlar MMA ning dongdor promousheni mustaqilligini yo‘qotishidan xavotirda.
«Disney» kompaniyasi sport loyihalariga jiddiy qiziqib qolgan. Mikki mauschilar avvalroq «Formula-1», Amerikaning NASCAR poygalar seriyasi hamda WWE restling-promousheniga og‘iz solib ko‘rishgandi. Biroq UFC ni qo‘lga kiritish ishtiyoqi hammasidan baland keldi, deyiladi insayderlar ma’lumotlarida.
Aytishlaricha, 4,2-4,5 mlrd dollar atrofidagi bitim taklif etilyapti — UFC uchun kutilmagan katta pul. Bir necha yillar avvalgi UFC shunga arzirdi, Konor Makgregor va Habib Nurmagomedovdek yulduzlarning janglariga chiptalar qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketardi.
Hozirgi UFC talashib-tortishgulik ahvolda emas, unaqa yulduzlar ham, millionlar kelitruvchi janglar ham qolmagan. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri.
Umuman olganda, «Disney»ning UFC bilan hamkorligi yangilik emas — shu paytgacha translyasiya huquqlarini sotib olgan. O‘ziga to‘q kompaniya translyasiyalar yildan-yilga qimmatlashib borayotgan sharoitda birato‘la liganing o‘zini sotib olishga qaror qilgan ko‘rinadi. Xarid bo‘lganini oddiy tomoshabin payqamasligi ham mumkin: har holda oktagonga Mikki Mausni chiqarib qo‘yishmasa kerak, shunchaki tijorat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter