Gvardiola yangi qoida bo‘yicha birinchi bo‘lib jazolandi
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola futbolda yangi kuchga kirgan qoidaga ko‘ra, Angliya premer-ligasidagi sariq kartochka olgan birinchi murabbiy bo‘ldi.
«Liverpul»ga qarshi kechgan Angliya superkubogi uchun bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ispaniyalik mutaxassis raqib o‘yinchilar xatti-harakatidan norozilik bildirib, buni zaxiradagi hakamga jo‘shqinlik bilan xabar qilishga shoshilgan. Biroq bosh hakam Martin Atkinson Gvardiolaning jonbozligini sariq kartochkaga munosib deb baholagan.
2019-yil 25-iyundan kuchga kirgan yangi qoidaga ko‘ra, ogohlantirish nafaqat futbolchilarga, balki rasmiy uchrashuvning barcha ishtirokchilariga, jumladan, jamoaning o‘rindiqda o‘tirgan zaxira a’zolariga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Yakshanba kuni Londondagi «Uembli» o‘yingohida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 1:1 hisobi bilan yakunlandi. «Shaharliklar» tarkibida Rahim Sterling 12-daqiqada golga mualliflik qilgan bo‘lsa, 77-daqiqada «qizillardan» Joel Matip hisobni tenglashtirgan. O‘yindan keyingi penaltilar seriyasida «Siti» g‘alaba qozondi — 5:4. G‘alaba zarbasini Gabriel Jezus kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter