Futbol klublari majburiy to‘lov va soliqlardan ozod etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Futbolni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Unga ko‘ra, 2023-yilning 1-yanvariga qadar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, O‘zbekiston professional futbol ligasi jamoat tashkiloti va professional futbol klublari Davlat maqsadli jamg‘armalarga majburiy to‘lov va barcha soliq turlaridan ozod etiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ro‘yxat bo‘yicha tasdiqlangan futbol bo‘yicha sport inshootlarining moddiy-texnik bazalarini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan O‘zbekistonga olib kiriladigan sport vositalari, maxsus professional sport kiyimlari va jihozlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, jumladan, maxsus transport vositalari hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, O‘zbekiston professional futbol ligasi jamoat tashkiloti va professional futbol klublari tomonidan jalb qilinadigan jismoniy shaxslar — xorijiy mutaxassislarning daromadiga solinadigan soliqlar vaqtincha bekor qilinadi.
Yuridik shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlaridan daromad solig‘i summasi Assotsiatsiyaning hududiy bo‘limlari, O‘zbekiston professional futbol ligasi va professional futbol klublariga homiylik hamda xayriya qilinganda o‘n foizdan oshmagan miqdorda kamaytiriladi.
Futbolchi va mutaxassislar (murabbiy, hakam, nazoratchi), jumladan, xorijiy mutaxassislarga mashg‘ulot hamda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari paytda beriladigan ovqat pullari hamda mukofotlash xarajatlari jismoniy shaxslarning daromadlari sifatida kiritilmaydi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi talabnomasiga ko‘ra xorijdan jalb qilinadigan mutaxassislarga kirish vizalarini rasmiylashtirish konsullik xizmati va boshqa yig‘imlarsiz ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi talabnomasiga ko‘ra xorijdan jalb qilinayotgan mutaxassislarga ko‘p marotabali viza berish va uzaytirish, shuningdek, vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish va yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishni uzaytirish Davlat bojlarini undirmasdan amalga oshiriladi.
Bandlikka ko‘maklashish va mehnat munosabatlari vazirligi belgilangan tartibda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi talablariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, ko‘rsatilgan xorijlik fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini olib borish huquqini tasdiqlash uchun belgilangan to‘lovlarni olmasdan amalga oshirishni ta’minlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter