Fazliddin G‘oibnazarov professional boksdagi sakkizinchi jangida mag‘lub bo‘ldi
Professional boksda sakkizinchi jangini o‘tkazgan Fazliddin G‘oibnazarov ilk bora mag‘lubiyatga uchradi.
Braziliyada bo‘lib o‘tgan Olimpiadaning oltin medali sovrindori kecha bo‘ydor Maykl Foksga (63,5 kilogrammgacha vazn toifasi) qarshi ringga chiqdi va ochkolar bo‘yicha mag‘lubiyatga uchradi. Fazliddin jang boshlangani hamono raqibining bo‘y borasidagi ustunligini yo‘qqa chiqarish uchun masofani qisqartirishga urindi. Ammo bu urinish har doim ham muvaffaqiyatli chiqmadi.
Bir amallab yaqin masofaga kelib olganda esa raqibini qiyin ahvolga tushirib qo‘ya oldi. Ikkinchi raundda Fazliddinning zarbalaridan so‘ng Foks ringga qulashiga bir bahya qolgan edi, ammo u jangni davom ettira oldi va asta-sekinlik bilan tashabbusni o‘z tomoniga og‘dira oldi.
Fazliddin G‘oibnazarov esa kerakli masofani ushlashda muvaffaqiyatga erisha olmadi. Natijada 6 va 7-raundda raqibini ushlab turgani uchun undan ochko olib tashlandi. Jang 95-93 va ikki hakam bahosiga ko‘ra 96-92 hisobida Maykl Foks foydasiga hal bo‘ldi.
E’tiborli tomoni, Foks qishda xuddi shunday natija bilan boshqa o‘zbek bokschisi — Shoxjahon Ergashevdan mag‘lubiyatga uchragan edi. O‘sha mag‘lubiyat 20 ta jang o‘tkazgan bokschi uchun hozircha yagona bo‘lib turibdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter