DXX raisi g‘oliblarni taqdirladi
DXX tashabbusi bilan joriy yil aprel oyidan boshlab respublikaning qishloq va mahallalarida mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarning dastlabki bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 ta jamoa 12-15 iyun kunlari poytaxtdagi «Bunyodkor» stadionida DXX raisi kubogi uchun o‘zaro kuch sinashdi.
Turnirning final bosqichida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani «Samarqand» MFY jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Sirdaryo viloyati Guliston shahri «Taraqqiyot» MFY jamoasi ikkinchi, Jizzax viloyati Zomin tumani «G‘afur G‘ulom» MFY jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani «Oq Mang‘it» MFY jamoasi esa yarim finalga qadar muvaffaqiyatli o‘yin namoyish etib, kuchli to‘rtlikni yakunlab berdi.
Qayd etilishicha, birinchi o‘rinni egallagan jamoaga ular istiqomat qiladigan mahallada mini-futbol maydonchaci, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalarga esa ular yashaydigan mahallada «Street Workout» maydonchalari qurib beriladi.
Shuningdek, musobaqalar yakuniga ko‘ra «Eng yaxshi o‘yinchi» nominatsiyasida Farg‘ona viloyati jamoasi a’zosi Fazliddin Sodiqov, «Eng yaxshi to‘purar» yo‘nalishida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilgan Farrux Bektemirov, «Eng yaxshi darvozabon» deb Buxoro viloyati jamoasi vakili Siroj Salimov hamda «Eng yaxshi murabbiy» nominatsiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasi ustozi Serik Jalgasov munosib ko‘rildi.
Bundan tashqari, DXX raisi kubogining respublika bosqichida ishtirok etgan 14 ta jamoaning har bir a’zosiga sport velosipedlari, ularning murabbiylariga esa qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
DXX raisi kubogi musobaqalari kelgusi yili nafaqat mini-futbol, balki, katta futbol bo‘yicha ham o‘tkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter