«Devis kubogi»: O‘zbekiston - Polsha o‘yiniga qur’a tashlandi
Poytaxtimizdagi «Humo arena» majmuasida 2-3-fevral kunlari «Devis kubogi»ning I Jahon guruhi uchun saralash doirasida O‘zbekiston - Polsha o‘yini o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan bugun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimiz Toshkent tennis bo‘yicha «Devis kubogi»ning I Jahon guruhi uchun pley-off bosqichi doirasida O‘zbekiston - Polsha o‘yiniga mezbonlik qiladi. Nufuzli musobaqa Toshkent shahridagi «Humo arena» majmuasida o‘tkaziladi. Bugungi qur’a tashlash marosimida har ikki jamoa o‘z tarkibini e’lon qildi. E’tiborlisi, O‘zbekiston termasida afsonaviy tennischimiz Denis Istominni ham ko‘rish mumkin. Yana bir dunyo reytingida to‘qqizinchi o‘rinda turuvchi kuchli tennischi polsha vakili, Xubert Xurkach mazkur o‘yinda yurtimiz sportchilariga raqib bo‘ladi. 2-fevral kuni dastlabki yakkalik baxslarini Sergey Fomin - Hubert Hurkachga, Humoyun Sultonov – esa Maks Kasnikovskiga qarshi boshlab berishadi. Aytish zarur, yurtimizda tennis sport turiga qaratilayotgan doimiy e’tibor, O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan barcha shart-sharoitlarning yaratib berilayotgani sabab sportchilar erishayotgan natijalar yildan yilga yaxshilanib bormoqda.
Ma’lumot uchun, 3-fevral kuni tennis ixlosmandari juftlik bellashuvlarining guvohi bo‘lishadi. Yana bir ma’lumot, «Humo arena» majmuasida ilk bor tennis musobaqasi tashkil etilmoqda. Germaniyadan olib kelingan kortlar xalqaro turnir uchun shay. Shuningdek, musobaqalarga bag‘ishlangan maxsus jurnal ham milliy bank homiyligida chop etildi. Eslatib o‘tamiz, ertangi o‘yinlar Toshkent vaqti bilan 14:00 da start oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter