Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bunyodkor» a’zosi Doston Hamdamov «Anji» safiga qo‘shildi. Klub bundan bexabar

«Bunyodkor» a’zosi Doston Hamdamov «Anji» safiga qo‘shildi. Klub bundan bexabar

Doston Hamdamov

Foto: «Championat.asia»

«Bu xabarni eshitib gangib qoldik! Doston Hamdamov chempionat boshlanishiga bir necha kun qolganida Turkiyada yig‘in o‘tkazayotgan Rossiyaning «Anji» jamoasi mashg‘ulotlariga klub roziligisiz borib qo‘shilibdi», — deb yozmoqda «Championat.asia» sayti. Hamdamovning bu qarori sayt ijodkorlarini nima uchun «gangitib» qo‘yganiga esa izoh berilmagan. 

Xabarda aytilishicha, 2018-yil oxirida shartnomasi yakuniga yetadigan futbolchiga «Paxtakor» taklif bilan chiqqandi. «Bunyodkor» uni sotishni reja qilganini ommaga e’lon qildi. Orada «Anji» bilan hamkorlik qiluvchi agentlar Hamdamovning shartnomasi tugayotganini bilib, uni maxachqal’aliklarga tavsiya qilgan.

«Anji» shartnomada ko‘rsatilgan futbolchini qo‘yib yuborish summasini to‘lagan holda uni erkin agent sifatida qo‘lga kiritishi mumkin. Ammo futbolchi yuqoridagi qarorlarsiz klubni tark etdi. Bundan na Murod Aliyev va na Mirjalol Qosimovning xabari bo‘lgan.

«Championat.asia»ning qo‘shimcha qilishicha, Hamdamov «Bunyodkor» bilan shartnomani bekor qildirish bo‘yicha advokatlarga murojaat qilgan.

«Balki qonuniy tarafdan futbolchining haqqi bordir. Aytaylik, 3 oydan ortiq vaqt davomida klub maosh to‘lamasa futbolchining ixtiyori o‘zida qoladi. Lekin insoniylik-chi? Hamdamovni Hamdamov qilgan kim? Hattoki «Mash’al»dan tayyor kelgan Shomurodov va Shukurov OChLda o‘ynash amaliyoti bergan, milliy terma jamoa saviyasidagi futbolchi bo‘lib yetishishida katta hissa qo‘shgan «Bunyodkor»dan klubning rozi rizoligi bilan ketdi, Shomurodov orqasidan klub pul ham ishlab oldi.

Bugun u 22 yoshga to‘ldi, «Bunyodkor» safida u 9 yil to‘p tepdi! Shu yillar mobaynida klub uni yedirdi, ichirdi, kiyintirdi va futbolchi sifatida tanilishida juda katta rol o‘ynadi! Nahot shuncha qilingan mehnat bir og‘iz ruxsat so‘rab ketish uchun kamlik qilsa? Shunday rejang bor ekan, avvaldan qilmaysanmi, Qosimov chempionatga boshqa o‘yinchi bilan tayyorlanmaydimi?

Hamdamovning bu xatti-harakatini gapirayotganlar futbol jamoatchiligi ichida ko‘p. O‘z paytida Mirjalol Qosimov «Paxtakor»dan ketayotganida o‘zidan pul qoldirib ketgan. Aleksandr Geynrix har doim yangi jamoaga borishidan avval «Paxtakor» bilan shartnoma tuzardi va o‘sha klub uni sotib olardi, Geynrix bu bilan klubga bo‘lgan sadoqatini ko‘rsatib kelgan. Ahmedovning ortidan «Paxtakor» ancha pul ishladi. Lekin Hamdamov-chi?», — deyiladi maqolada.

«Championat.asia» sayti tahririyati so‘nggi so‘z o‘rnida futbolchiga «o‘ylab ish qilishni» maslahat bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring