Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bitta kubok uchun 32 jamoa: Rossiyadan boshlaymiz

Bitta kubok uchun 32 jamoa: Rossiyadan boshlaymiz

Foto: «Sportbox.ru»

Shu yilning 14 iyun-15-iyul kunlari Rossiyaning 12 stadionida futbol bo‘yicha 21-jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ushbu futbol festivalida dunyoning barcha qit’alaridan saralangan 32 mamlakat terma jamoasi jahon chempionati bosh sovrini uchun kurash olib boradi.

Avval xabar berganimizdek, mundial boshlangunga qadar uning ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishni maqsad qilganmiz. Ilk maqola musobaqa mezbonlari Rossiya haqida.

Konfederatsiya: UYeFA

Bosh murabbiy: Stanislav Cherchesov

Sardor: Igor Akinfeyev

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Sergey Ignashevich (119 o‘yin)

To‘purar: Aleksandr Kerjakov (30 ta gol)

Uy stadioni: «Lujniki»

FIFA reytingida: 66 o‘rin (– 3) (2018-yil 12-aprel)

Eng yuqori o‘rin: 3 o‘rin (1996-yil aprel)

Eng past o‘rin: 66 o‘rin (2018-yil aprel)

Ilk o‘yin: Rossiya – Meksika 2:0 (Moskva, 1992-yil 16-avgust)

Eng yirik g‘alaba: San-Marino – Rossiya 0:7 (Serravalle, San-Marino; 1995-yil 7-iyun), Lixtenshteyn – Rossiya 0:7 (Vaduts, Lixtenshteyn; 2015-yil 8-sentyabr)

Eng yirik mag‘lubiyat: Portugaliya – Rossiya 7:1 (Lissabon, Portugaliya; 2004-yil 13-oktyabr)

Yutuq: Yevropa chempionatida bronza medal (Avstriya-Shveysariya 2008-yil)

JChda ishtiroki

Shu kungacha 3 marotaba jahon chempionatining final qismida ishtirok etgan rossiyaliklar biror marta ham guruhdan chiqa olishmagan. Ular uchun yagona esda qolarli voqea 1994-yilgi mundialda hujumchi Oleg Salenkoning musobaqa to‘purariga atalgan oltin butsani qo‘lga kiritishidir. O‘shanda dastlabki ikki o‘yinda Braziliya va Shvetsiyaga imkoniyatni boy bergan ruslar guruhning so‘nggi o‘yinida g‘alaba qozonib, uchinchi o‘rin bilan «pley-off» bahslariga chiqishdan umidini uzmagan edi. Ammo Kamerun ustidan qozonilgan yirik hisobdagi g‘alaba ham ularga keyingi bosqich yo‘llanmasini taqdim etmadi.

Oleg Salenko Kamerun darvozasiga beshta gol urib, rekord o‘rnatgan
Foto: «FiFa.com»

Yagona muvaffaqiyat

Rossiya terma jamoasining shu kungacha erishgan eng katta jamoaviy yutug‘i 2008-yil Avstriya va Shveysariyada bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatida yarim finalgacha yetib borishidir. Chorak finalda Niderlandiya ustidan qozonilgan ajoyib g‘alabadan so‘ng ko‘pchilik ularga ishonishni boshlagan edi. Ammo yarim finalda eski raqib Ispaniya kim aslida kim ekanligini eslatib qo‘ydi – 3:0!

Asosiy yulduz

«Krasnodar» hujumchisi Fyodor Smolov so‘nggi paytlardagi ruslarning asosiy yulduzi hisoblanmoqda. Asli saratovlik bo‘lgan bu yigit professional faoliyatini  Moskvaning «Dinamo»sida boshlagan. 2007-yilda klub safida debyut uchrashuvini o‘tkazgan futbolchi poytaxtliklar safida unchalik ham ko‘zga tashlanmadi. Uning yulduzlik davri shubhasiz 2015-yil «Kransodar»ga borib qo‘shilganidan so‘ng boshlandi. Shu kungacha u terma jamoa safida 30 ta o‘yin o‘tkazib, raqiblar darvozasiga 12 ta to‘p kiritgan. Smolov so‘nggi ikki yilda Rossiyaning eng yaxshi futbolchisi degan nomni qo‘lga kiritdi.

Fyodor Smolov
Foto: «Gazeta.ru»

Raqiblar

Qur’aga ko‘ra mundial mezbonlari qit’adoshlarimiz Saudiya Arabistoni, Muhammad Saloh boshchiligidagi Misr va Janubiy Amerika yetakchilaridan biri Urugvay terma jamoalari bilan «A» guruhida kuch sanashadi. Rossiya ilk o‘yinda Saudiya Arabistoni bilan jahon chempionatining ochilish uchrashuvida ishtirok etadi.

 Tayyorgarlik

Rossiya terma jamoasi saralash bahslarida qatnashmaganligi uchun mundialga tayyorgarlik asosan o‘rtoqlik uchrashuvlari orqali olib borildi. So‘nggi bahslar dunyoning yetakchi terma jamoalariga qarshi o‘tkazilgani ham tahsinga sazovor. Ammo aynan yetakchilardan uchralgan mag‘lubiyatlar sabab mutaxassis va muxlislar o‘rtasida turli noroziliklar kelib chiqmoqda. Xususan bosh murabbiy Stanislav Cherchesovni iste’foga chiqarishni xohlovchilar kundan-kunga ko‘payib bormoqda.

So‘nggi beshta o‘yin

Sana

Raqib

Hisob

Gol mualliflari

Shahar

1

2017-yil 7-oktyabr

Janubiy Koreya

4:2

SmolovKim Chjyu Yon (avtogol) (2), Aleksey Miranchuk

Moskva

2

2017-yil 10-oktyabr

Eron

1:1

Poloz

Qozon

3

2017-yil 11-noyabr

Argentina

0:1

Moskva

4

2017-yil 14-noyabr

Ispaniya

3:3

Smolov (2), 
Aleksey Miranchuk

Sankt-Peterburg

5

2018-yil 23-mart

Braziliya

0:3

Moskva

Yo‘qotishlar

Cherchesov davrida asosiy o‘yinchilardan biriga aylangangan «Spartak» himochisi Georgiy Jikiya yanvar oyida «Shanxay SPIG»ga qarshi nazorat uchrashuvida chap tizzasidan jarohat oldi. Tekshiruvlar natijasida u jahon chempionatini o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘ldi. Yana bir yo‘qotish «Zenit» hujumchisi Aleksandr Kokorin bilan bog‘liq. U ham «Leypsig»ga qarshi Yevropa ligasi bahsida tizzasidan jarohat oldi va maydonni tark etdi. SSKA himoyachisi Viktor Vasin ham o‘z yurtida bo‘lib o‘tadigan mundialdan quruq qoladigan ko‘rinadi. Shu yilning 21-fevral kuni «Srvena Zvezda»ga qarshi o‘yin himoyachi uchun omadsiz keldi. Jarohat jiddiy bo‘lib chiqqach, futbolchi Rimda operatsiya qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring