Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bitta kubok uchun 32 jamoa: olg‘a «Tikos»!

Bitta kubok uchun 32 jamoa: olg‘a «Tikos»!

Foto: rsport.ria.ru

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat KONKAKAFning ikkinchi jamoasi Kosta-Rikaga!

Laqabi: «Tikos», «Uchranglilar».

Konfederatsiya: KONKAKAF.

Bosh murabbiy:  Oskar Ramires.

Sardor: Brayan Ruis.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Valter Senteno (137).

To‘purar: Rolando Fonseka (47).

Stadion: «Estadio Nacional» («Milliy stadion»).

FIFA reytingida: 25 (2018-yil 17-may).

Eng yuqori o‘rin: 13 (2015-yil fevral-mart).

Eng past o‘rin: 93 (1996-yil iyul).

Ilk rasmiy o‘yin: Kosta-Rika Salvador — 7:0 (Gvatemala, 1921-yil 14-sentyabr).

Eng yirik g‘alaba: Kosta-Rika Puerto-Riko — 12:0 (Barrankilya, Kolumbiya; 1946-yil 10-dekabr).

Eng yirik mag‘lubiyat:  Meksika Kosta-Rika 7:0 (Mexiko, Meksika; 1975-yil 17-avgust).

Jahon chempionatidagi ishtiroki: 4-marta (1/4 final: 2014-yil).

KONKAKAF millatlar chempionati va KONKAKAF oltin kubogidagi ishtiroki: 15 marta (chempion: 1963, 1969, 1989).

Ilk taassurot

Kosta-Rika KONKAKAF mintaqasining eng kuchli uch jamoasidan biri hisoblanadi. Meksika, AQSh kabi kuchli terma jamoalar ishtirok etadigan mintaqaviy musobaqaning uch karra g‘olibi sanalgan kostarikaliklar jahon chempionatidagi debyutini 1990-yil Italiyada nishonlashgan. Ilk urinishda 1/8 finalgacha yetib borish mamlakat futboli uchun katta yutuq sifatida qabul qilindi. Guruh o‘yinlarida tarkibida Brolin va Ravelli kabi yulduzlarga ega Shvetsiyaning 2:1, «chaqilmas yong‘oq» Shotlandiyaning 1:0 hisobida mag‘lub etilishi sensatsiya sifatida qabul qilindi. Bora Milutinovich boshchiligidagi jamoa tarkibida keyinchalik terma jamoaga murabbiylik qilgan Aleshandre Gimaraynsh, hozirgi bosh murabbiy Oskar Ramires, Yevropada o‘zini ko‘rsatgan darvozabon Luis Konexo, Xuan Kayasso va Ernan Medford kabi futbolchilar bor edi.

Keyingi chempionatlar

Keyingi ikkita jahon chempionati saralash bahslarida muvaffaqiyatsizlikka uchragan kostarikaliklar 2002 va 2006-yillarda final bosqichining guruh bahslaridan nariga o‘ta olishmadi. Dastlabki urinishda Turkiya terma jamoasi bilan raqobatga kirishgan jamoa qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha uchinchi o‘rinda qolib ketgan bo‘lsa, Germaniyadagi chempionatda guruhni so‘nggi pog‘onada yakunladi.

Muvaffaqiyat

So‘nggi – Braziliyadagi chempionatga qur’a tashlanganida hech kim «Tikos»ning guruhdan chiqishiga ham ishonmagan edi. Chunki ular guruh bahslarining o‘zidayoq sobiq jahon chempionlari – Italiya, Angliya va Urugvay bilan bahs olib borishlari lozim edi. Ammo kolumbiyalik murabbiy Xorxe Luis Pinto shogirdlari dastlabki ikki o‘yindan keyinoq «pley-off» masalasini hal qilishdi. Fortalezada Urugvay ustidan qozonilgan irodali g‘alaba (3:1) keyingi o‘yinlarga kuch berdi va 2-turda italiyaliklar taslim etildi. Nimchorak finalda Gretsiya terma jamoasini penaltilar seriyasida mag‘lub etgan Keylor Navas jamoadoshlari chorak finalda Hollandiya terma jamoasiga huddi shunday holatda mag‘lub bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, tarixiy natija qayd etildi va Rossiyaga Braziliyadagi qahramon jamoaning bir necha vakili ham kelishi kutilmoqda.

Asosiy yulduz

Kosta-Rika terma jamoasi jahon chempionatiga ilk bor dunyo taniydigan yulduz bilan tashrif buyuradi. Gap Keylor Navas haqida ekanligini bilgan bo‘lsangiz kerak. Yevropa chempionlar ligasining bo‘lajak ikki karra sohibi faoliyatini mahalliy «Saprisse» klubida boshlagan. O‘z yurtidagi omadli yurish va «KONKAKAF kubogi-2009»dagi eng yaxshi darvozabon unvoni uni ko‘hna qit’aga yetakladi. «Albasete»ga tezda moslashib ketgan yigit jamoaning segundada jon saqlab qolishiga ko‘p harakat qildi. U keyingi jamoasi «Levante» bilan yevrokuboklarda to‘p surdi. Valensiyadagi faoliyatining dastlabki ikki yilida asosan kubok bahslarida maydonga tushgan Keylor Braziliyadagi chempionat arafasida klubning birinchi raqamli darvozaboniga aylandi. O‘sha yili fantastik mavsumni o‘tkazgan Navas 16 o‘yinda bironta ham gol o‘tkazmagan holda chempionlikka erishgan «Atletiko» darvozaboni Tibo Kurtuani ortda qoldirib, Ispaniya chempionatining eng yaxshi darvozaboni bo‘ldi. To‘rt yil oldingi jahon chempionatida ham Keylor uch o‘yinda «eng yaxshi futbolchi» degan nomni qo‘lga kiritdi. Bunday mavsumdan keyin kostarikalik darvozabonning xaridori ko‘paydi va raqobatda barchadan ustun kelgan Madridning «Real» klubi Keylorning yangi jamoasiga aylandi.

Navasning «Real»dagi faoliyatini bir tekis deb bo‘lmaydi. Rafael Benites bilan bog‘liq mojarolar fonida darvozabonning mehnati ham yetarlicha baholanmadi. Muntazam ravishda «Manchester Yunayted» posboni David de Xeani Madridga olib kelish harakati qahramonimizga jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Jamoa murabbiyi etib Zayniddin Zidanning tayinlanishi Keylorning faoliyatiga ham ta’sir qildi. Yangi murabbiy qo‘lida u nafaqat asosiy posbon maqomiga erishdi, balki «De Xea vasvasasi»ning to‘xtatilishiga ham sabab bo‘ldi. Zidan boshchiligida Navas chempionlar ligasining ikki karra g‘olibiga aylandi. Uning sovuqqonligi penaltilarni qaytarishda ham qo‘l keladi. Yakkama-yakka duellarda unga taslim bo‘lgan yulduzlar qatorida Grizman, Aspas, Vilyalar mavjud.

Keylor Navasni vatanida juda yaxshi ko‘rishadi. Bir necha yil oldin tug‘ilib o‘sgan shahri Peres Seledondagi mahalliy stadionga uning nomini berishga ahd qilishdi. Ammo mamlakat qonunchiligiga ko‘ra toponomik nomlar tirik odam sharafiga qo‘yilmasligi bunga to‘sqinlik qildi.

Saralash bahslari

Boshqa konfederatsiyalar kabi KONKAKAF mintaqasida ham ko‘p bosqichli saralash o‘yinlari o‘tkaziladi. Beshta o‘ziga xos imtihondan o‘ta olgan jamoalargina jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Ammo Meksika, AQSh kabi kuchli jamoalar katorida bugungi qahramonlarimiz ham saralash bahslarini to‘rtinchi bosqichdan boshlashadi.

O‘zlari uchun ilk bosqichni Panama, Yamayka va Gaiti kabi terma jamoalarga qarshi o‘tkazgan Oskar Ramires shogirdlari ortiqcha qiyinchiliklarsiz hal qiluvchi bosqichga yo‘llanma olishdi. Ancha qiziqarli kechgan so‘nggi bosqichda asosiy raqib – AQSh terma jamoasi har ikki uchrashuvda ham mag‘lub etildi va so‘nggi «keraksiz» o‘yinda Panamaga imkoniyat boy berildi. Natijada chempionatning doimiy ishtirokchisi AQSh uyda qoladigan, Panama esa o‘z tarixida ilk marta jahon chempionatida ishtirok etadigan bo‘ldi.

So‘nggi beshta o‘yin

Sana

Raqib

Hisob

Gol

mualliflari

Shahar

1

2017-yil 7-oktyabr

Panama

1:2

Venegas

Panama

2

2017-yil 11-noyabr

Ispaniya

0:5

Malaga

3

2017-yil 14-noyabr

Vengriya

0:1

Budapesht

4

2018-yil 23-mart

Shotlandiya

1:0

Ureniya

Glazgo

5

2018-yil 27-mart

Tunis

0:1

Nitssa, Fransiya

 Raqiblar

Kostarikaliklar yarim himoyachisi Yelsin Texeda Yekaterinburgdagi «Yelsin markazi»ni tomosha qilishga imkon topa olmasa kerak. Lekin u Petropavlovsk qal’asi va Ermitaj muzeyini sayr qilish imkoniyatiga ega. Jamoaning baza sifatida Neva bo‘yidagi ko‘hna poytaxtni tanlashiga yetarlicha asos bor. Braziliyaga qarshi guruhning eng qiyin bahsi aynan Sankt-Peterburgda o‘tkaziladi. Qolgan o‘yinlar Samara va Nijniy Novgorod shaharlarida o‘tishi belgilangan.

Taqvim Oskar Ramires shogirdlari uchun ideal ko‘rinishda emas, ammo jahon chempionatida yaxshiroq natija ko‘rsatishni maqsad qilgan jamoa uchun ilk turda Serbiyani yengish qiyinchilik tug‘dirmasa kerak. Ikkinchi turdagi pentakampeonlarga qarshi o‘yindan keyin Shveysariyaga qarshi 3-tur bahsi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Kosta-Rika – Braziliya to‘qnashuvidagi eng kutilmagan natija 1960-yili Panamerika o‘yinlarida kuzatilgan. O‘shanda markaziy amerikaliklar o‘z uylaridagi musobaqada Braziliyani yirik hisobda mag‘lub etishgan – 3:0! Shundan keyin «selesao» «tikos»ni ikki bor jahon birinchiligida, yana shuncha marta Amerika kubogida taslim etdi.

Shveysariya bilan ikki bor o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushgan kostarikaliklar bir martadan g‘alaba qozongan va mag‘lub bo‘lgan. Serbiya – Kosta-Rika o‘yini jamoalarning o‘zaro to‘qnashuvlari tarixini boshlab beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring