Bitta kubok uchun 32 jamoa: futbol vatani – Angliya!

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat futbol vatani Angliyaga!
Laqabi: «Three Lions» («Uch arslon»).
Konfederatsiya: UYeFA.
Bosh murabbiy: Garet Sautgeyt.
Sardor: Harri Keyn.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Piter Shilton (125).
To‘purar: Ueyn Runi (53).
Uy stadioni: «Uembli».
FIFA reytingidagi o‘rni: 13 (2018-yil 12-aprel).
Eng yuqori o‘rin: 3 (2012-yil avgust).
Eng past o‘rin: 27 (1998-yil fevral).
Ilk rasmiy o‘yin: Shotlandiya – Angliya 0:0 (Glazgo, Shotlandiya; 1872-yil 30-noyabr).
Eng yirik g‘alaba: Irlandiya – Angliya 0:13 (Belfast, Irlandiya; 1882-yil 18-fevral).
Eng yirik mag‘lubiyat: Vengriya – Angliya 7:1 (Budapesht, Vengriya; 1954-yil 23-may).
Jahon chempionatidagi ishtiroki: 14 marta (chempion: 1 marta).
Yevropa chempionatidagi ishtiroki: 9 marta (3-o‘rin, 1968-yil).
Tanishuv
Angliya futbol vatani, mamlakat terma jamoasi Shotlandiya bilan birgalikda eng qadimiy milliy jamoalar hisoblanadi. 1872-yilda tashkil etilgan terma jamoa qariyb yuz yildan keyin – 1966-yili Alf Ramsey boshchiligida hozircha yagona bo‘lgan jahon chempionati bosh sovrinini qo‘lga kiritgan. «Uembli» stadionida o‘tgan final bahsida nemislar qo‘shimcha vaqtda 4:2 hisobida mag‘lub etilgan. Angliya terma jamoasi o‘z qit’asida muvaffaqiyat qozona olmagan yagona jahon chempioni hisoblanadi.
Angliya terma jamoasi uy uchrashuvlarini asosan 2007-yilda qayta ta’mirlangan, 90 000 ishqibozni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan «Uembli» stadionida o‘tkazadi. Dunyoning eng qimmat o‘yingohi sanalgan ushbu stadion sig‘imi jihatidan Yevropada ikkinchi o‘rinda turadi.
Dastlabki bahslar
Angliya terma jamoasi dastlabki o‘yinini Shotlandiya termasiga qarshi 1870-yilning 5-martida o‘tkazgan. Ammo o‘sha paytda har ikki terma jamoa ham Angliya futbol assotsiatsiyasiga bo‘ysunganligi sababli bu o‘yin xalqaro uchrashuv maqomida emas edi. 1872-yil 30-noyabrda shotlandiyaliklar tashabbusi bilan o‘tkazilgan Glazgodagi o‘yin ilk rasmiy xalqaro o‘yin sifatida tarixga kirdi.
Keyingi qirq yil davomida Angliya terma jamoasi asosan uchta «mahalliy» terma jamoalar – Shotlandiya, Uels va Irlandiya bilan o‘yinlarda ishtirok etdi. Bu o‘yinlarning ko‘pchiligi 1883 yildan 1984 yilgacha davom etgan Britaniya chempionati doirasida o‘tkazilgan.
FIFA bilan va FIFAsiz…
1906-yilda Angliya futbol assotsiatsiyasi FIFAga a’zo bo‘ldi va ikki yil o‘tib Britaniya orollaridan tashqaridagi ilk rasmiy o‘yinini o‘tkazdi. FIFA bilan yuzaga kelgan doimiy mojarolar 1928-yilda nafaqat Angliyaning, balki barcha Britaniya jamoalarining tashkilotdan chiqib ketishi bilan yakunlandi. Natijada 1930-yillardagi jahon chempionatlari futbol vatani vakillarisiz o‘tdi. 1946-yilda dunyoning bosh futbol tashkilotiga qaytgan Angliya 1950-yilgi jahon chempionatida ilk bor ishtirok etdi. 1954-yildagi chempionatda Ayvor Brodis Belgiya terma jamoasi darvozasiga ikkita to‘p yo‘llab, Angliya terma jamoasining jahon chempionatlaridagi ilk «dubl»iga mualliflik qildi.
Yagona muvaffaqiyat
1963-yilda terma jamoa ustoziga aylangan Alf Ramsey o‘zidan oldingi murabbiylardan farqli ravishda terma jamoa tarkibini o‘zi tuzadigan bo‘ldi. Natijada Angliya terma jamoasi o‘z uyida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatining final bahsida g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Keyingi chempionatlar
1970-yildagi jahon chempionatida chorak finalda Germaniyaga imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan xayrlashgan Angliya terma jamoasi keyingi ikki chempionatda saralash bahslaridan ham o‘ta olmadi. Terma jamoa boshqaruviga Bobbi Robson kelgach Angliya terma jamoasi 1986-yilgi chempionatda chorak finalgacha yetib borgan bo‘lsa, to‘rt yildan so‘ng faxrli 4-o‘rinni egalladi. 1990-yillar Angliya terma jamoasi uchun ancha omadsiz keldi. Bir necha bor bosh murabbiylarning almashtirilishi ham foyda bermadi.
Ingliz emas!
2001-yildan 2006-yilgacha futbol vatani terma jamoasini ilk bor boshqa millat vakili, shvetsiyalik Sven-Yoran Eriksson qo‘lga oldi. Ammo u ham berilgan 3 ta imkoniyatni ko‘kka sovurib, ikkita jahon va 1 ta Yevropa chempionatida faqatgina chorak finalgacha yetib bordi.
2014-yili Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati sarlash bahslarida birorta ham mag‘lubiyatga uchramay, guruhda birinchi bo‘lgan Angliya terma jamoasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri final bosqichiga yo‘llanma oldi. Ammo bu safar ham guruh o‘yinlarida Italiya va Urugvayga yutqazgani tuzukroq natija ko‘rsatishga to‘sqinlik qildi.
Asosiy yulduz
Bolaligidayoq Teddi Sheringemni qoyil qoldirgan va 8 yoshida «Arsenal»dan quvilgan Harri Keyn ekspertlarning fikricha bugungi kunda nafaqat Angliyaning, balki Yevropaning eng kuchli hujumchilaridan biri sanaladi. Baland bo‘yli, jismonan baquvvat futbolchini klassik hujumchilar qatoriga qo‘shish qiyin. Shunday bo‘lsa-da, u o‘tgan yil hisobidan Messidek «daho»ni ortda qoldirib, «kuchli to‘rtlik»ning eng yaxshi to‘purari bo‘lishga erishdi.
Harrining shaxsiy hayoti ham zamonaviy futbol yulduzlarinikidan farq qiladi: sinfdoshiga uylangan, uy hayvonlarini yoqtiradi, tungi klublarga bormaydi. Mavsum so‘ngiga kelib kutilmagan jarohat olgan qahramonimizga joriy yilda uchinchi bor ketma-ket premer-liga to‘purari bo‘lish nasib qilmaydigan ko‘rinadi. Ammo Rossiyadagi chempionatda Keyn «uch arslon»larning asosiy quroliga aylanishi aniq. Sautgeyt undan qanday foydalanish kerakligini yaxshi biladi. Ular bir necha yil oldin yoshlar jamoasida ham birga ishlashgan.
Saralash bahslari
Inglizlarning saralash bahslaridagi raqiblarini kuchlilar qatoriga qo‘shish qiyin, ammo juda kuchsiz deb ham bo‘lmaydi. Asosiy o‘yinlarga chiqish uchun ularga Slovakiya, Sloveniya va qo‘shni shotlandiyaliklar jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi. Sem Ellardays boshchiligidagi yagona bahs sifat jihatdan maqtagulik bo‘lmasa-da, natijaga erishildi. Slovaklarga qarshi o‘yinning qo‘shib berilgan daqiqalarida Adam Lallana kiritgan gol inglizlarga kichik hisobdagi g‘alabani taqdim etdi.
Bosh murabbiy bilan bog‘liq mojarodan so‘ng terma jamoa boshqaruviga o‘sha paytda yoshlar termasida faoliyat yuritayotgan Garet Sautgeyt keldi. Har ikki davrada bir martadan durang qayd etgan inglizlar qolgan o‘yinlarda g‘alaba qozonishdi va guruhda birinchi o‘rin bilan jahon chempionati final bosqichiga yo‘llanma olishdi.
So‘nggi beshta o‘yin
№ |
Sana |
Raqib |
Hisob |
Gol mualliflari |
Shahar |
1 |
2017-yil 8-oktyabr |
Litva |
1:0 |
Keyn |
Vilnyus |
2 |
2017-yil 10-noyabr |
Germaniya |
0:0 |
– |
London |
3 |
2017-yil 14-noyabr |
Braziliya |
0:0 |
– |
London |
4 |
2018-yil 23-mart |
Hollandiya |
1:0 |
Lingard |
Amsterdam |
5 |
2018-yil 27-mart |
Italiya |
1:1 |
Vardi |
London |
Raqiblar
Garet Sautgeyt shogirdlari baza sifatida iqlimi o‘z vatanlaridan katta farq qilmaydigan Sankt-Peterburgni tanlashgan. Biroq inglizlar birorta o‘yinni bu shaharda o‘tkazishmaydi. Ehtimoliy asosiy raqib bilan so‘nggi turda bellashish britaniyaliklarga ustunlik taqdim etishi mumkin.
Volgograd shahrida 18-iyun kuni o‘tkaziladigan ilk guruh bahsida «Karfagen burgutlari» – Tunisga qarshi maydonga tushadigan inglizlar mazkur terma jamoa bilan shu kungacha ikki bor to‘qnash kelishgan. O‘rtoqlik o‘yinida durang qayd etilgan bo‘lsa, Fransiyadagi chempionatda inglizlarning qo‘li baland kelgan. Jahon birinchiligi debyutanti Panama bilan biror marta bahslashmagan jamoa asosiy raqib Belgiya bilan bo‘lib o‘tgan uchta o‘yindan bittasida g‘alaba qozonib, qolgan o‘yinlarda mag‘lub bo‘lmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter