Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir qarg‘ish tarixi. Keksa murabbiyini ranjitgan «Benfika» nega yevrosovrinlar yutolmayotgani haqida

Bir qarg‘ish tarixi. Keksa murabbiyini ranjitgan «Benfika» nega yevrosovrinlar yutolmayotgani haqida

Foto: «Football-over.ucoz.ru»

Agarda futbolda mistika borligiga ishonmasangiz, «Benfika»ga boqing! Sobiq murabbiyi 1962-yili la’natlab ketganidan beri jamoa o‘zini o‘nglay olgani yo‘q. Ellik yetti yildirki «burgutlar» Yevropadagi barcha hal qiluvchi o‘yinlarni boy berib kelishyapti! Bu aql bovar qilmas voqealar haqida «Aif.ru» yozmoqda.

Bela Guttmanning bir xususiyati bor edi — jamoasini tez-tez almashtirib turardi. Birinchi klubi 1932-yili Venaning «Xakoax»i bo‘lgan, faoliyatini esa 1974-yili Portugaliyaning «Portu»sida tugatgan. Shu ikki klub orasida Guttmanning Avstriya, Gollandiya, Vengriya, Ruminiya, Italiya, Kipr, Shveysariya, Gretsiya, Braziliya va Urugvaydagi yana 20 ta jamoasi bor...

Bela Guttmann «Benfika»dagi sovrinlari bilan

Guttmann faoliyati cho‘qqisiga 60-yillarda aynan «Benfika» bilan ko‘tarilgan. Uning qo‘l ostida afsonaviy Eysebio va boshqa portugal yulduzlari to‘p tepishardi. Hech mubolag‘asiz, Guttmann o‘z davridagi jahonning eng kuchli klubini shakllantirgandi. «Benfika» 1959/60 mavsumida mamlakat chempioni bo‘ldi, keyingi mavsum muvaffaqiyatini yana takrorlab, kamiga Yevropaning eng asosiy klublar turniri — Chempionlar kubogini qo‘lga kiritdi. Finalda kimsan «Barselona» ustidan g‘alaba qozonildi. «Burgutlar» bu ishi bilan qatorasiga besh karra turnirni yutgan «Real» gegemoniyasiga nuqta qo‘yishgandi.

Keyingi 1961/62 mavsumida ham Guttmann jamoasi Chempionlar kubogida zafar qozondi: bu safar «Real» 5:3 hisobida dog‘da qoldirildi. Keyingi voqealar esa mistikadan o‘zga narsa emas...

Tavqi la’nat

Jamoasining ustma-ust g‘alabalaridan yettinchi osmonda yurgan Bela Guttmann «Benfika» rahbariyati huzuriga maoshini oshirishni so‘rab kirishning ayni mavridi deb bildi. Ketma-ket qo‘lga kiritilgan Chempionlar kubogi uchun mukofot hamda maoshiga qo‘shimcha undirmoqchiydi. Ammo rahbarning xonasidan mukofot puli bilan emas, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib chiqdi. Menejer yuzing ko‘zing deb o‘tirmadi: «Eysebio va Kolunadek futbolchilarim bor ekan, sendek murabbiy kerakmas...».

«Benfika» afsonasi — Eysebio

Voqelar rivoji bunchalik o‘zgarib ketishini kutmagan bechora murabbiy qattiq ranjidi. Ammo ketishidan oldin rahbariyatni boplab so‘zbo‘ron qildi va dedi: «Benfika» mensiz yuz yil bironta Yevropa kubogini yutolmasin!». Va eshikni qaytmaydigan qilib qattiq yopdi.

Oqibat

Turgan gapki, qaysar va jizzaki Guttmanning gaplari o‘shanda «Benfika» rahbarlarining parvoyiga ham kelmaydi. Ammo... Qarg‘ish yomon...

Guttmann «Benfika» eshiklarini qattiq yopib ketganidan to hanuzgacha lissabonliklar Yevropa turnirlari finaliga 8 marotaba chiqishib, biron marta ham kubokni boshlari uzra ko‘tarishmagan! Sakkiz final — sakkiz mag‘lubiyat! Bundan ham alamlisi bo‘ladimi?!

1963-yil. «Benfika» eng zo‘r o‘yinchilarini saqlab qolgandi, ular orasida klub prezidenti murabbiysiz ham o‘ynay olishiga ishongan Eysebio va Koluna ham bor edi. Biroq Chempionlar kubogining finalida «burgutlar»ni «Milan» 1:2 hisobida qon qaqshatdi. Bu hali boshlanishi edi!

1965-yil. «Benfika» yana Yevropa chempionlari kubogi finalida — bu safar lissabonliklarni Milanning boshqa klubi xafa qildi: «Inter» — «Benfika» — 1:0.

1968-yil. Oradan uch yil o‘tib, «Benfika» katta umidlar bilan Chempionlar kubogi finaligacha yetib keldi. Bu safargi raqib — «Manchester Yunayted». O‘yinning asosiy vaqti durang bilan tugadi, ammo qo‘shimcha vaqtda uchta gol urgan «qizil iblislar» kubokni Angliyaga olib ketishdi.

1983-yil. Portugallar keyingi finalni naq 15 yil kutishdi. Bu UEFA kubogidagi «Anderlext»ga qarshi ikkita hal qiluvchi o‘yin edi. Qarama-qarshilikda yaqqol favorit sanalgan portugallar avvaliga mehmonda «kamtar» mezbonlardan yengilib qaytishdi (1:0), keyingi o‘yin esa 1:1 hisobida tugab, uloq belgiyaliklarda ketdi.

Ana o‘sha o‘yindan so‘ng 1962-yildagi ko‘ngilsiz voqea muxlislar va jurnalistlar xotirasida uyg‘ondi, hamma «Guttmann qarg‘ishi» haqida so‘zlay boshladi. Aytmoqchi, Guttmann bu o‘yin natijalari va gap-so‘zlardan bebahra qoldi, negaki ikki yil avval 81 yoshida bu dunyo bilan xayrlashib bo‘lgandi.

1988-yil. «Benfika» yana Yevropa chempionlari kubogi finalida. Raqib uncha qo‘rqqulik ham emas — hamma uchun kutilmaganda «tepalab ketgan» «PSV» (Gollandiya). «Benfika» esa bu paytga kelib yana bir «oltin davr»ni boshdan kechirayotgan, milliy chempionat va Yevropa doirasidagi o‘yinlarda portugallar hammani qaqshatayotgan edi. Xullas, portugal-golland finalining asosiy vaqti quruq 0:0 hisobida tugadi, o‘n bir metrliklar seriyasida «Benfika»ning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri Antoniu Velozuning xatosi hammasini chippakka chiqardi. Portugallar beshinchi marta yevrokuboklardan mosuvo bo‘lishdi.

1990-yil. «Benfika» yana finalda. Bu safar tayyorgarlik o‘zgacha edi: ular Guttmanning so‘zlariga ishonishdi, tavqi la’natni olib tashlashga urinishdi — 1962-yili nohaq haydalgan Guttmann oldidagi gunohlarini yuvishga ahd qilishdi. Final ibtidosida Guttmann qabriga hurmat bajo qilish uchun Eysebio jo‘natib yuborildi. Qizig‘i, Guttmann «Milan»ga qarshi kuch sinashiladigan Vena shahrida abadiy qo‘nim topgandi. Bunda ham bir ramziylik ko‘rishdi. Biroq klub yulduzining achchiq ko‘z yoshlari-yu madad so‘rab yolvorishlaridan naf chiqmadi. Frank Raykaardning yagona goli hammasiga nuqta qo‘ydi.

2013-yil. Oradan 23 yil o‘tdi, yangi davrlar boshlandi. «Benfika» yangi turnir — Yevropa ligasi finaliga qadar yetib keldi. Oradan shuncha suvlar oqib ketganiga qaramay, Guttmanni hech kim unutmagandi, anchayin keksayib qolgan Eysebio yana Venaga yo‘l oldi. Ammo bundan nima naf! Londonning «Chelsi» klubi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida (!) g‘alabani ilib ketdi: 2:1.

Guttmannga qo‘yilgan haykal

2014-yil. Yevropa ligasining navbatdagi finali, raqib — unchalik ham zo‘r bo‘lmagan «Sevilya». «Benfika» esa hatto «Yuventus»ni o‘z yo‘lidan olib tashlagandi. O‘sha yil yanvarida Eysebio vafot etgani uchun Guttmann huzuriga kimni jo‘natishni ham bilishmadi. O‘zlaricha aqllilik qilishdi — stadion oldida murabbiyga atab haykal o‘rnatishdi. Kim bilsin, chiqmagan jondan umid deyishganda...

«Sevilya»ga qarshi o‘yin kuni Guttmanning haykali gullarga ko‘mildi, muxlislar mo‘’jiza yuz berishiga ishonishardi. Ammo ispanlar bu mo‘’jizani tortib olishdi — asosiy vaqtda murosa ko‘chasi tanlanganidan keyin penaltilar seriyasida lissabonliklardan omad yuz o‘girdi. «Benfika» sakkizinchi marotaba Yevropa kubogisiz qoldi. Xuddi Guttmann vasiyat qilganidek!

«Sevilya» — Yevropa ligasi-2014 g‘olibi

Guttmanning tavqi la’nati 57 yildirki, «Benfika»ni yig‘latadi. Agar hammasi «Guttmann qarg‘ishi»ga chambarchas bog‘liq bo‘lsa, lissabonliklar Yevropa turnirlarida yana 43 yil qatnashmay qo‘yishsa ham bo‘laveradi. Essiz... Hammasi arzimas maosh-u, klubning xasis rahbarlaridan boshlanganiga ishonging kelmaydi.

Darvoqe, bugun, 13-mart Bela Guttmann tavallud topgan kun (1900-yil, Budapesht).


P.S.: Yevropa ligasi 1/8 finalida «Benfika» mehmonda «Dinamo» (Zagreb)dan 1:0 hisobida yengilib qaytdi. Javob o‘yini 15 mart kuni Lissabonda bo‘lib o‘tadi. O‘tkazib yubormang!..

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring