«Barselona» La Ligadan chetlatilishi mumkin
«Barselona» futbol klubi moliyaviy firibgarlikda gumon qilinyapti — kataloniyaliklar ustidan prokuratura ish ochdi. Bolavip xabariga ko‘ra, Ispaniyaning nomdor jamoasi hakamlarni sotib olishda ayblanmoqda.
OAV «Barselona» va Ispaniya qirollik futbol federatsiyasining hakamlar qo‘mitasi sobiq rahbari Xose Mariya Enrikes Negreyro o‘rtasidagi aloqadorlikni topdi. Aytilishicha, 2016–2018-yillar davomida Kataloniya jamoasi unga qarashli DASNIL 95 kompaniyasiga 1,4 mln yevro o‘tkazib bergan.
Agarda prokuratura «Barselona»ning shu moliyaviy xatti-harakatlarida noqonuniylik alomatlarini aniqlasa, jazo muqarrar. Manbaga ko‘ra, bu chempionat turnir jadvalida ochkolardan mahrum etishdan tortib (xuddi Italiyadagi «Yuventus» singari), hatto La Ligadan chetlatishgacha borishi mumkin.
Ayni paytda La Ligada «Barselona» eng yaqin ta’qibchisi «Real Madrid»ni 8 ochkoga ortda qoldirib, yakka peshqadam bo‘lib turibdi.
Ma’lumot uchun: «Barselona» o‘z tarixida La Ligadan tushib ketmagan uch klub («Real Madrid» va «Atletik» Bilbao bilan birga)dan biri hisoblanadi.
Bugun oqshom Yevropa ligasi 1/16 finali doirasida «Barselona» o‘z maydonida «Manchester Yunayted»ni qabul qiladi. O‘zbekiston vaqti bilan soat 22:45 da boshlanadigan o‘yinni «Sport» telekanali jonli namoyish etadi. O‘tkazib yubormang!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter