Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Babayanning «yopishmagan gajaklari»

Babayanning «yopishmagan gajaklari»

Foto: Tribuna.uz

Yaqinda Toshkentning «Lokomotiv» klubi bosh murabbiyi etib tayinlangan Samvel Babayan bilan Tribuna.uz muxbiri suhbatlashdi. Suhbat ohangidan tegirmonga tushsa, butun chiqadigan mutaxassisning kayfiyati chakkimas. Nega yomon bo‘lsin? Yana sevimli mashg‘ulotiga qaytdi, qaytgandayam uncha-muncha jamoa emas, o‘zbek futbolining baquvvat va barqaror klubi boshqaruvini qo‘lga oldi.

Muloqotda asosiy gap uning futboldan chetlatilishiyu ko‘p o‘tmay ta’qiq bekor qilingani, bu jarayonda nimalar bilan mashg‘ul bo‘lgani tevaragida kechganini ko‘rish mumkin. «Temiryo‘lchilar»ning yangi ustozining javoblari uning futbolga oid faoliyatiga qo‘yilgan ta’qiq xususida shunday deydi: «...Bundan kim yutqazdi? O‘z kasbining fidoyisi sifatida men yutqazdim. Bundan mamlakatimiz ham yutqazdi, chunki men Yevropa ligasida qatnashgan yagona o‘zbek murabbiyi bo‘lishim mumkin edi. Osiyo futboli ham yutqazdi, chunki hozir birorta ham osiyolik murabbiy Chempionlar ligasida qatnashmayapti. Men qatnashishim mumkin edi».

Qaydam, balki to‘g‘ridir bu gaplar. Biroq uning 15 kunga borib-bormagan diskvalifikatsiyasi borasidagi mavhumotliklar hamon ishtiboh ustiga ishtiboh tug‘diradi-da.

Ma’lumki, Samvel Babayan O‘FF Ijroiya Qo‘mitasi Byurosining 2018 yil 15 yanvardagi 3-sonli qaroriga muvofiq futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan umrbod chetlashtirilgandi. Uning 15 kundayoq oqlangani esa oradan bir yil-u bir kun o‘tib, qachonki «Lokomotiv» futbol klubi raisi maslahatchisi etib tayinlangandan keyingina ommaga oshkor etildi. Bu vaqt oralig‘ida, ya’niki, 2018 yilning mart oyida u Latviyaning  «Spartak» klubiga bosh murabbiy etib tayinlangani haqida  xabarlar tarqaldi. Biroq unga bu lavozimda ishlash baribir nasib etmadi, negaki, uning o‘zi tan olganidek, «...menga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar Yurmalaning «Spartak» klubi bosh murabbiyi bo‘lishimga ham xalal berdi», natijada u «Yevropa ligasida qatnashgan yagona o‘zbek murabbiyi» bo‘la olmadi.

Ajab, 2018 yil mart oyida, ya’niki, Latviyaning  «Spartak» klubiga bosh murabbiy etib tayinlanish masalasi katta so‘roq ostida qolib, Yevropada javlon urib ishlashdek imkoniyat yo‘qqa chiqayotganda nahot Babayan 15 kundayoq (2018 yil, fevralning boshi!) diskvalifikatsiya bekor qilinganidan bexabar bo‘lsa?

Bunga ishonish qiyin.

Uning «diskvalifikatsiya bekor qilinganini aytmasligimni so‘rashgandi» deyishi ham shunchaki yosh bolani «konfet beraman» deb aldashga o‘xshaydi. Bekor qilingan diskvalifikatsiya davlat siri yoki maxfiy ma’lumot emas, erta-bir kun baribir ommaga aytiladi, busiz iloj yo‘q. Qolaversa, oldida Yevropa klubida ishlashdek imkoniyat turganda «soxta dalillarga asoslangan diskvalifikatsiya» sabab «adolatsizlik, hatto kamsitish»ga giriftor bo‘lgan mutaxassisning birovga tishining oqini ko‘rsatmagani ertakka o‘xshaydi to‘g‘risi. Agar u rostanam diskvalifikatsiyasi bekor qilinganini «aytmasdan yurganida» oxirigacha mard bo‘lib «Yevropa ligasida qatnashgan yagona o‘zbek murabbiyi bo‘lolmagani»dan ham diydiyo qilmasdi...

Albatta, o‘zbek futboli birovning mahriga tushmagan. Samvel Babayan «Lokomotiv» bosh murabbiyligiga munosib ko‘rilibdimi, bu endi mutasaddilarning ishi. Futbol halollik va adolatni talab qilar ekan, murabbiy va mutasaddi haqiqatni gapirishi kerak. «Yopishmagan gajaklar» bilan millionlab muxlislarni aldab ham, chalg‘itib ham bo‘lmaydi. Bu bamisoli oyni etak bilan yopishga urinishdan boshqa narsa emas.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring