Ayrim toifa abituriyentlarga jismoniy tarbiya va sport sohasidagi OTMlarda imtiyoz beriladi
Ayrim toifa abituriyentlarga jismoniy tarbiya va sport sohasidagi OTMlar kasbiy (ijodiy) imtihonlarida imtiyozlar beriladi.
Bu haqda «Jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasida belgilab qo‘yilmoqda.
Unga ko‘ra, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeysteri hamda O‘zbekiston sport ustasi yoki O‘zbekiston grossmeysteri unvonlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga kasbiy (ijodiy) imtihonlarida maksimal ball berish amaliyoti joriy qilinadi.
Shuningdek, «sport diyetologiyasi» va «sport shifokori» mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi hamda mazkur mutaxassisliklar va sport faoliyati ta’lim yo‘nalishi o‘quv rejasiga «kardiomashg‘ulot» fani kiritiladi. Bundan tashqari, «sport muhandisligi» mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbek-Belarus qo‘shma ta’lim dasturi asosida magistratura yo‘nalishini tashkil etish yuzasidan Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasiga taklif kiritiladi.
Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshiruvchi abituriyentlar kontingentini sport razryadi yoki sport unvoniga ega bo‘lgan nomzodlardan shakllantiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter