5 yoshli ishqiboz boshqa jamoa o‘yinchisini sotib olish uchun pul taklif qildi
«Lids» jamoasining 5 yoshli ishqibozi Deniyel Oten Angliya premer-ligasining (APL) «Brayton» klubidan himoyachi Ben Uaytni sevimli jamoasida qoldirishlarini iltimos qildi. Bolakayning maktubi va «chaykalar»ning javob xati «Twitter»da chop etilgan.
Bolakayning so‘zlariga ko‘ra, ijara huquqi asosida oqlarning sharafini himoya qilayotgan 22 yoshli angliyalik o‘yinchi uning sevimli futbolchisiga aylangan. Shu bois «Brayton»dan Uaytni sotishlarini so‘ragan. Otenning ta’kidlashicha, kelishuv amalga oshishi uchun yiqqan pullarini (15 funt sterling) ham sarflashga tayyor.
«Brayton» bolakayga yo‘llagan javob xatida jamoa bosh murabbiyi va texnik direktor Uaytga ishonishayotgani va uni sotishni rejalashtirmayotganini ma’lum qilgan. «Chaykalar»ning vakillari Oten yosh futbolchilarni juda yaxshi baholay olishini, shu bois kelajakda undan ajoyib skaut chiqishini ta’kidlaganlar.
«Brayton» 29 turdan so‘ng APLda 15-o‘rinda bormoqda. «Lids» esa Angliyaning eng kuchli ikkinchi divizioni — chempionshipda ishtirok etib, 37 turdan so‘ng jadvalda yetakchilik qilmoqda. Hozirgi kunda koronavirus pandemiyasi tufayli ikkala musobaqa ham to‘xtatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter