Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

40 yoshini qamoqda kutib olayotgan Ronaldino haqida (foto)

40 yoshini qamoqda kutib olayotgan Ronaldino haqida (foto)

Kollaj

Bugun, 21-mart kuni braziliyalik futbol afsonasi Ronaldinoning tug‘ilgan kuni — u 40 yoshda. Qalbaki hujjatlar bilan bog‘liq firibgarlik uchun hozir Paragvay qamoqxonasida o‘tiribdi. O‘zgacha holat, o‘zgacha kayfiyat. Ammo, g‘oyibdan bo‘lsa-da, hozir to‘rt devor orasida «qamalib o‘tirgan» dunyodagi aksariyat muxlislari unga har qachongidan yaqinroq bo‘lsa, ajabmas.

Ronaldino maydonda ne-ne karomatlar ko‘rsatmadi. Navbatdagi fotohikoyamiz shu haqda.

Ronaldino eng shuhratli damlarini «Barselona» bilan o‘tkazdi. Portu-alegrilik futbolchi kataloniyaliklar safida 2005-yili «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan. Bungacha esa uch yil avval (2002-y.) Braziliya terma jamoasiga jahon chempionatiga chiqishda yordam bergan. Ronaldino nafaqat takrorlanmas texnikasi, balki beqiyos tabassumi bilan ham muxlislar yodida qoldi. Foto: Bruno Domingos / «Reuters».


Ronaldino (Ronaldu di Asis Moreyra) 1980-yili port ishchisi hamda sotuvchi oilasida dunyoga kelgan. Sakkiz yoshida otadan judo bo‘ladi, akasi uni ota o‘rnida katta qilgan. Foto: Jorje Silva / AFP.


Ronaldinoning iste’dodi bolaligidan ma’lum edi. Bo‘lg‘usi «Oltin to‘p» sohibi kun bo‘yi koptok ortidan quvib kunni kech qilardi. Yetti yoshida ilk klubi — «Lanjendonke»ga qabul qilindi. Foto: «Reuters».


1995-yili Ronaldino akasi to‘p surayotgan «Gremio» libosini kiydi. Oradan uch yil o‘tib Braziliya «A seriyasi»da ilk o‘yinini o‘tkazdi. Foto: Albert Gea / «Reuters».

 


Ronaldino 22 yoshida jahon chempioni bo‘ldi. Turnirda ikkita goli, uchta golli uzatmasi va Angliya bilan chorak finaldagi qizil kartochkasi bilan esda qoldi. Foto: Serxio Peres / «Reuters».


Ammo Ronaldino «Barselona» tarkibida chinakam yulduzga aylandi: Chempionlar ligasi g‘olibi, ikki marta Ispaniya chempioni bo‘ldi. 2005 yili eng yaxshi shaxsiy sovrin — «Oltin to‘p» egasi bo‘ldi. Yevropadagi faoliyatini «Milan»da yakunladi.  Foto: Rikardo Morayesh / «Reuters».


 

 

Professional faoliyatining oxirgi yillarida Braziliyaning «Flamengo», «Atletiko Mineyro», «Fluminense» hamda Meksikaning «Keretaro» klublarida o‘ynadi.  Foto: Rikardo Morayesh / «Reuters».


Brazil yulduzi 2018-yili Rossiyadagi Jahon chempionatiga kelib, yopilish marosimida qatnashdi. Foto: Karl Resayn / «Reuters».


2019-yili Ronaldinoning nomi Braziliya futboli shon-shuhrati zalidan o‘rin oldi. Mashhur «Marakana» stadioni yaqinida uning oyoq izlari paydo bo‘ldi. Foto: Vashington Alvesh / «Reuters».


Shunga qaramasdan, Ronaldino o‘z iste’dodini to‘la namoyon etmay ketgan futbolchi sifatida esga olinadi. U futbolga shunchaki sevimli ermak deb qarardi. Ronaldino o‘yindan zavq olayotgan chog‘da maydonda «bitta futbolchi»ni ko‘rardik.  Foto: Tamas Kajash / «Reuters».

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring