Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

«Yaralangan sher» yana prezident bo‘lmoqchi

«Yaralangan sher» yana prezident bo‘lmoqchi

Foto:«The Atlantic»

Qo‘shma Shtatlarning saylov instituti o‘ta keskinligi bilan nom qozongan. Ikkitagina partiya o‘rtasidagi shiddatli raqobat nainki Amerika, balki dunyo siyosatiga ta’sir etish quvvatiga ega. Joriy yilda o‘tadigan prezident saylovi uchun demokratlar va respublikachilar o‘rtasida kuchli munozara allaqachon boshlangan.  Demokratlar  amaldagi prezident Trampning impichmentiga erisha olmadi.

Impichmentga chap bergan Trampning siyosiy mavqei yanada kuchaygani bor gap. Ammo ba’zi ekspertlarning nazarida,  demokratlar ham yutqazishgani yo‘q.

Masalan, Kongress quyi palatasi spikeri Nensi Pelosm Trampning asosiy tanqidchisiga aylangani demokratlarning yutuqlaridan biri. Pelosi Trampning Kongressga murojaat matnini namoyishkorona yirtib tashladi. O‘tgan oyda esa Trampga «abadiy qamoq jazosi» berilsagina «Amerika demokratiyasi» saqlab qolinadi, degandi.

Pelosi Trampning Kongressga murojaat matnini namoyishkorona yirtmoqda. 

Respublikachilar ham anoyi emas. Senat rahbari Mitch Makkonell bekorga maqtanayotgani yo‘q: «Impichment oldingiga qaraganda respublikachilarning imkoniyati yaxshiroq holatga olib keldi».

Sirasini aytganda, Trampning ishini demokratlarning o‘zi yengillashtirib berishdi. Vakillar palatasidagi 75 nafardan ortiq demokratlar uzoq vaqt davomida impichmentni qo‘llab-quvvatlashdi. Spiker  Pelosi   ham jim o‘tirgani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, natija  hech bir demokratni qoniqtirmadi.

«Gallup» siyosiy tahlil va maslahat kompaniyasi o‘tkazgan so‘nggi so‘rov Trampning reytingi(49 foiz)  yuqori ekanligini tasdiqladi. «FiveThirtyEight» blogida ham 43,5 foiz aholi Tramp faoliyatidan mamnun ekani aytiladi. Bu prezident uchun past ko‘rsatkich bo‘lsa-da, ammo so‘nggi uch yil ichida Trampga «qorbobo ham bunday sovg‘a bera olmagan edi».

Brandeis universiteti professori Robert Kattnerga ko‘ra: «Demokratlar qilishi kerak bo‘lgan ishni bajardi. Impichment so‘rovida garchi Tramp yutib chiqqan bo‘lsa-da, bu joriy yilgi saylovlarda hammasi u uchun ijobiy tugashini kafolatlamaydi».

Ko‘plab demokratlar impichmentdagi g‘alaba Trampni oqlamasligi, ayniqsa uning tashqi siyosatda yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolarini kechirib yubormaslik kerakligini aytishmoqda. «Biz uni oqlashini bilardik, biroq biror ishning murakkabligi uni qilmaslik kerak, degani emas. Demokratlar — qonun ustuvorligi tarafdori. Hech kim qonundan ustun bo‘lolmaydi. Eng muhimi, impichment natijasi «Respublikachi senatorlar uchun partiya muhimmi yoki mamlakat taqdirimi?» degan savolga javob topib berdi», dedi Demokratiyani O‘qitish Milliy Qo‘mitasi (National Democratic Training Committee) direktori Kelli Ditrix.

Xullas, «Trampning oqlanishi 2020-yilgi saylovlarda demokratlar uchun qiyinchiliklarni keltirib chiqarmaydimi?» degan savollar siyosat olamini o‘yga toldirmoqda. Turli qarashlar va taxminlar bor. Nima bo‘lganda ham impichmentga erisha olmagan demokratlar navbatdagi saylovlarda qiynalishlari aniq.

 Tramp  – «yaralangan sher» esa yana bir muddat AQShga prezident bo‘lmoqchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring