Viloyat hokimi Kattaqo‘rg‘on fojiasi xolis o‘rganilishiga ishontirmoqda
Kattaqo‘rg‘ondagi fojia yuzasidan Samarqand viloyati hokimligidan «Xabar.uz» axborot-tahliliy portaliga viloyat hokimi nomidan rasmiy javob xati keldi.
«Samarqand viloyat hokimligi va shaxsan o‘z nomimdan Kattaqo‘rg‘on tumanida yo‘l-transport hodisasi natijasida halok bo‘lgan Diana Yenekeyevaning fojiali o‘limi tufayli chuqur hamdardlik izhor etishga ijozat bergaysizlar. Har bir inson hayoti biz uchun o‘ta muhim va sodir bo‘lgan voqea yo‘llarda xavfsizlikni kuchaytirish zaruriyatini bildiradi. Vafot etgan ayolning oila a’zolariga ma’naviy va moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, ushbu hodisa xolis surishtirilishi va huquqiy baho berilishi ta’minlanishiga so‘z beraman.
Baxtsiz hodisaning Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi bilan bog‘lab ommaviy axborot vositalarida turli xabarlar va munosabatlar bildirilayotgani noxolis talqin hisoblanadi va haqiqatga mos kelmaydi. Shu munosabat bilan, jamiki ommaviy media vakillarini ushbu holatni yoritishda xolisonalikka rioya qilishga, bir tomonlama yondashuvdan qochishga chaqiramiz.
Viloyat hokimi sifatida, ishontirib aytamanki, ijtimoiy soha xodimlari mahalliy hokimiyat organlari tomonidan hududlarni obodonlashtirish ishlariga jalb etilmagan va bundan keyin ham jalb qilinmaydi», deya o‘z nomasini yakunlagan Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter