Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya elchisi: «Sizga bir raqamni oshkor etsam...»

Turkiya elchisi: «Sizga bir raqamni oshkor etsam...»

Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar tadrijiga baho berdi. Bugun, 2 iyul kuni Toshkentda o‘zbekistonlik jurnalistlar hamda blogerlar bilan norasmiy formatda uchrashgan diplomat savdo-iqtisodiy jabhadagi raqamlarni ham oshkor etdi.

«Fursatdan foydalanib, sizlar bilan ayrim raqamlarni bo‘lishsam. 2020 yilda Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2,1 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. 2021 yilda esa bu raqam 3 milliad AQSh dollariga yetishi kutilmoqda. Qayd etish joizki, savdo munosabatlarida eksport va import o‘rtasida muvozanat mavjud», – dedi elchi O.Bekar.

Darhaqiqat, joriy yilda ikki mamlakat savdo-iqtisodiy robitalarida jonlanish va o‘ziga xos o‘sish kuzatilmoqda. Davlat statistika qo‘mitasi hisoboti ham buni tasdiqlamoqda.

Xususan, 2021 yil yanvar-aprel oylarida Turkiya (528,5 million dollar) Rossiyani (495,3 million dollar) ortda qoldirib, O‘zbekistonning eksport sheriklari orasida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkiya vakolatli idoralari o‘zaro savdo-iqtisodiy sheriklikning strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, pandemiyaning ta’siriga qaramay, o‘zaro savdo hajmini qisqa muddatda 5 milliard dollarga yetkazishni ko‘zlamoqda.

Umuman, jurnalistlar bilan muloqot asnosida Turkiya elchisi siyosat, ta’lim, madaniyat, turizm, sog‘liqni saqlash, ommaviy axborot vositalari kabi yo‘nalishdagi hamkorlik imkoniyatlariga to‘xtaldi va bu boradagi savol hamda takliflarga quloq tutdi.

«Turk va o‘zbek xalqlarining bir-biridan o‘rganadigan jihatlar juda ko‘p. Ayrim sabablarga ko‘ra biz bir-birimiz bilan ma’lum muddat ayro qoldik. Robitalarimizning hozirgi bosqichida yanada yaqinlashuv va o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi», – deb xulosa qildi janob Bekar.

Eslatib o‘tamiz, Olgan Bekar joriy yil mart oyidan yurtimizda faoliyat yuritmoqda. U joriy yil 23 aprel kuni Turkiyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirgan. 

Turk diplomati yaqinda «Xabar.uz»ga katta intervyu berganidan ham mushtariylarimiz xabardor.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring