«Toshkent Siti»da yana ishkal: bitta «Love Story» uchun yuzlab odamlar quvib chiqarildi

"Adolat" partiyasi deputati Obidjon Latipov Toshkent Sitiga pul to‘lab kirgani, yangi qurilgan amfiteatrni tomosha qilayotganda qo‘riqchilar asosli sababsiz quvib chiqarganini yozdi.
"Toshkent Citi loyihasi juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan loyihalardan biri hisoblanadi. Bunga sabab loyihani amalga oshirish bizga juda qimmatga tushgani bilan birga ko‘plab me’moriy obidalar buzib tashlanishi evaziga bunyod etilganidir. Bularning bari budjet mablag‘lari, ya’ni siz va biz soliq to‘lovchilarning mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi. Kamiga Toshkent Citi loyihasini amalga oshiruvchi quruvchi va boshqa kompaniyalar bojxona, soliq va boshqa imtiyozlarga ega bo‘ldi. Bu ushbu kompaniyalar hamma to‘laydigan soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lamagani natijasida juda katta miqdordagi mablag‘ budjetga kelib tushmagan degani.
Mayli, nima bo‘lsa ham Toshkent Citida park bunyod etilib, barchaning ushbu parkka bepul kirishi mumkinligi e’lon qilindi. Ammo, bu holat uzoq cho‘zilmadi, ya’ni Toshkent Citi parkning saqlash xarajatlarini qoplash maqsadida degan vaj bilan aholiga kirish pullik qilib qo‘yildi.
Ammo, kecha men bir qiziq hodisa guvohi bo‘ldim. El qatori parkka pul to‘lab kirib, park markazida joylashgan amfiteatrda favvorani tomosha qilayotgan yuzlab yurtdoshlarimiz qatorida suhbat qurib o‘tirgan edik. Birdan park qo‘riqchilari kelib, amfiteatrni bo‘shatib qo‘yish talabi bilan hammani tashqariga haydab chiqardi va ratsiya orqali "tozalandi" deb hisobot berdi. Tozalash nima maqsadda amalga oshirilayotgani bilan qiziqqanimizda, "Bu yerda hozir tadbir bo‘ladi" degan javobni oldik.
Birozdan so‘ng 4 kishi paydo bo‘lib, ikki sevishganlarni videoga ola boshladi, orada ular uchun maxsus buyurtma musiqa bilan favvora qayta ishga tushirildi. Aytilgan tadbir shu ekan. Bema’nilik. Ikki sevishganning "Love Story"si sabab, parkka pul to‘lab kirgan bir necha yuz kishi dam olib o‘tirgan o‘rnidan turg‘izib, amfiteatrdan haydab chiqarildi. Yo‘laklar ham qo‘riqchilar tomonidan to‘sib qo‘yildi. Bu holat jahlimni chiqardi, chunki haydalganlar orasida ota-onam tengi yoshi katta insonlar ham bor edi. Tabiyki, bunday betamizlik qanday asosga ko‘ra amalga oshirilayotganini bilish maqsadida mas’ullarni chaqirib izoh talab qildim.
Ma’lum bo‘lishicha, bo‘lajak kuyov, o‘zini "tadbir" bo‘yicha menejer deb tanishtirgan Davron ismli yigitning do‘sti ekan. Eng qiziq tomoni, 300dan ortiq kishining haydab chiqarilishiga sabab bo‘lgan sevishganlar "tadbir"i uchun pul to‘lanmagan bo‘lib chiqdi. "Men bular pul to‘laganmi? Nega bir mijozni deb boshqa mijozlar kamsitilyapti? Qayerda shunday belgilangan?", deb talab qilib turib olganimdan so‘ng to‘lov amalga oshirildi va menga kechikib (majburan) to‘langan chekni ko‘rsatishdi.
Katta ehtimolki agar men talab qilmasam, o‘sha to‘lov amalga oshmay, kimlarningdir cho‘ntagiga kirib ketishiga hech kim shubha qilmasa kerak. Sevishganlarning buyurtmasi bilan yangragan musiqa va ular uchun bir necha marotabadan qo‘yilgan favvoraning allaqancha millionlik xarajatini esa parkka pul to‘lab kirib amfiteatrdan haydab chiqarilganlar "axmoq" bo‘lib to‘lab yurishi kerak shekilli. Park hodimlarining aytishicha, ayrim kunlari "Love Story"lar soni 10 tagacha bo‘lar ekan. Bu degani musiqali favvora, maxsus chiroqlar....
Xullas, katta xarajat. Yaqin orada Toshkent Citiga kirish narxi oshirilsa ajablanmayman. (O‘zi parkdagi pul aylanmasi va kirim qilinmayotgan pullar masalasida Davlat soliq idoralari o‘rganish o‘tkazishsa, yaxshi bo‘lar edi. Har holda parkda videokuzatuv yo‘lga qo‘yilgan.)
Parkni tark etar ekanmiz, post oldida turgan qo‘riqchining ratsiyasidan "698 eslab qol" degan ovozni eshitib qoldim, "698" esa bu mening avtomobil raqamim. Menga bu tahdiddek tuyuldi.
Dam olishga borib, rasvo kayfiyatda uyga qaytar ekanman bir qator savollar menga uyqu bermadi.
- Kimligini tasdiqlovchi na guvohnomasi, na beyjigi bo‘lgan kimsalar kim o‘zi? Qayerdan kelgan? Kim bularga huquq bergan?
- Xalq puliga qurilgan parkka bir yumalab ega chiqqani yetmaganidek, nega odamlarni sarson qiladi, kamsitadi? O‘zini mulk egasidek tutadi? Park qanday shartlar asosida ularga berilgan? Nega aynan shu korxonaga berilgan?
- Nega doim xalq puliga qurilgan inshootlar kimlarningdir shaxsiy tomorqasiga aylanib qolaveradi? Nega xarajati xalq bo‘ynidayu, tushumi cho‘ntakka?
- Nega parkka pul to‘lab kirilishi kerak o‘zi? Bu qonunchilikka qanchalik to‘g‘ri keladi? Deylik iste’molchi qaysi ko‘rsatilgan xizmatga pul to‘laydi? Agar xizmat ko‘rsatilmasa nega pul to‘lash kerak?
- Pul to‘lamasak kirgizmaydigan, pul to‘lasak ham istalgan vaqtda haydab chiqarib yuborishlari mumkin bo‘lgan shunday parklar bizga kerakmi?
- Bunday loyihalarga xalq pulini, ya’ni biz to‘lagan soliqlardan shakllangan budjet mablag‘larini sarflash to‘g‘rimi? Oxirida rohatini tadbirkor ko‘rar ekan, pulni boshidan o‘zi tiksa bo‘lmaydimi?
Toshkent shahar hokimiyati va Toshkent Citi Park ma’muriyatidan yuqoridagi savollarga javob bergan holda holat yuzasidan izoh berishlarini so‘rab qolaman.
Holatga oydinlik kiritish maqsadida park ma’muriyati bilan bog‘lanishga bo‘lgan urinishim natija bermadi. Park rahbariyatining mijozlarga bo‘lgan munosabati ayanchli ahvolda", deb yozgan deputat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter