Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tashqi siyosatimizning og‘riqli masalalari o‘rtaga tashlandi» — ekspert partiyalararo bahs haqida

«Tashqi siyosatimizning og‘riqli masalalari o‘rtaga tashlandi» — ekspert partiyalararo bahs haqida

Bugungi kunda O‘zbekiston siyosiy hayotidagi eng qizg‘in bahs va mulohazalarga sabab bo‘layotgan voqea prezident saylovi masalasi hisoblanadi. Ana shundan kelib chiqib, O‘zbekiston markaziy telekanallarda ilk bor o‘ziga xos formatda tashkil etilgan teledebatlar haqida to‘xtalsak. Ushbu masalani siyosiy fanlar doktori, professor Oybek Sirojov bilan tahlil qilsak.

– Hurmatli Oybek Ochilovich, avvalo, bu galgi saylovda partiyalarning ishtiroki haqida to‘xtalsak.

– Mamlakatimiz siyosiy partiyalari faoliyatidagi yangilanishlar ularning g‘oyaviy-mafkuraviy yo‘nalishidagi faoliyatida, ya’ni dasturlarida ham namoyon bo‘layotganini alohida qayd etish mumkin. Oldingi saylov kampaniyalaridan farqli o‘laroq, bu safar siyosiy partiyalarning mamlakatimizdagi muhim va dolzarb hisoblangan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan bir qatorda, tashqi siyosat va xavfsizlik masalasida ham o‘ziga xos pozitsiyalarini qayd etganliklarini kuzatish mumkin.

– Tashqi siyosat va xavfsizlik mavzusidagi partiyalar o‘rtasida tashkil etilgan teledebat va uning ahamiyatli jihatlari haqida to‘xtalsangiz.

– Men o‘ziga xos formatdagi ilk teledebatlarni qiziqish bilan kuzatdim. O‘tkazilgan teledebatlar tahlili asosida quyidagilarni qayd etish mumkin.

Birinchidan, teledebatning muhokama mavzusi bugun jamiyatni ko‘proq qiziqtiradigan tashqi siyosat va xavfsizlik sohasiga bag‘ishlangani e’tiborli va bu borada vakillar o‘ziga xos yondashuvlarni ilgari surishdi. Teledebatda yuqoridagi masalalar bo‘yicha partiyalar vakillari o‘z pozitsiyalarini namoyon etdilar. Ayrim yondashuvlar bahsli bo‘lsa-da, muhimi, ularda rang-baranglik namoyon bo‘ldi.

Ikkinchidan, tashqi siyosatimizning og‘riqli – Markaziy Osiyoda hamkorlik, Afg‘oniston masalalari o‘rtaga tashlandi. Bu muammolarni bartaraf etish borasida partiyalarning pozitsiyasiga oydinlik kiritildi.

Uchinchidan, teledebatda qarama-qarshi yondashuvlar, tortishuvlar ham bo‘ldi. Bu yaxshi, qolaversa, bunda sharqona bosiqlik asosida amalga oshirilishi tahsinga sazovor.

– Endi bevosita teledebatda partiyalarning ishtiroki, asosan, tashqi siyosat qismini muhokama qilsak. Teledebatdagi chiqishlardan kelib chiqib, partiyalar kesimida masalaga yondashsak. Avvalo, Ekologik partiya vakilining chiqishi haqida to‘xtalsak.

– Teledebatni birinchi bo‘lib partiyalarning ro‘yxatga olinganidan kelib chiqib, Ekologik partiya vakili boshlab berdi.

Ekologik partiyaning prezidentlikka nomzodi vakili chiqishida tashabbuslarning yangiligi, dolzarbligi kabi ijobiy xususiyatlari barobarida, ularning bir qator kamchiliklari ham mavjudligi namoyon bo‘ladi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosatini ekologik muammolar rakursida yondashib, Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanish, transchegaraviy muhofaza etilayotgan hududlarni barpo etish va mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlashga qaratishni ilgari surdi.

Birinchidan, «Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanish, transchegaraviy muhofaza etilayotgan hududlarni barpo etish va mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlashga qaratish», degan tezisiga munosabat bildiradigan bo‘lsak.

Ikkinchidan, O‘zbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021 yil 28 apreldagi «Transchegaraviy hamkorlikda mahalliy vakillik organlarining rolini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ushbu masalalar o‘z yechimini topgan.

Uchinchidan, ushbu banddagi «transchegaraviy muhofaza etilayotgan hududlarni barpo etish va mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlashga qaratish», degan taklifni bildirish uchun, avvalo, qo‘shni davlatlarning fikrlari olinganmi, o‘rganilganmi yoki ular bilan muayyan kelishuv bormi, degan savollar paydo bo‘ladi.

To‘rtinchidan, Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha nomzodda yoki Ekologik partiya faollarida aniq chora-tadbirlar rejasi bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Aks holda, shunday ajoyib taklif quruq gapdan iborat bo‘lib qoladi.

– Shu o‘rinda XDP vakilining chiqishlarini ham tahlil qilsak.

– Yuqoridagi masalani XDP vakili chiqishlari doirasida tahlil qilsak, avvalo vakil «Mintaqaviy barqaror ijtimoiy rivojlanish, muqobil energetika va zamonaviy tibbiyot sohalarida innovatsion dasturlar hamda loyihalarni birgalikda amalga oshirish maqsadida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish» tashabbusini ilgari surdi.

Birinchidan, «mintaqaviy barqaror ijtimoiy rivojlanish», degan jumlaning asoslari mavjudmi, umuman olganda, bunday tushuncha o‘zi bormi, bu borada mintaqa darajasida muayyan kelishuvlar bormi, degan o‘rinli savollar paydo bo‘ladi va ushbu taklifni ilgari surish asnosida yuqoridagi savollarga muayyan darajada javob bergan holda yondashilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Ikkinchidan, ta’kidlash joizki, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bilan bu boradagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan yetarlicha olib borilmoqda. Jumladan, 2020 yilda O‘zbekiston ushbu tashkilotga raislik qildi. Agar bu borada ma’lum kamchiliklar bo‘lsa, uning yechimi bilan bog‘liq konkret mexanimlarni ko‘rsatish maqsadga muvofiq edi.

Yoki Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlik masalasida u tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi ekani e’tirof etilib, amalda hukumatning bu boradagi siyosatini qo‘llab-quvvatladi.

– Uchinchi bo‘lib chiqish qilgan O‘zLiDeP vakili chiqishlarini qanday baholaysiz?

– O‘zLiDeP vakili Markaziy Osiyo mintaqasi miqyosidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida mintaqaviy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqishni ilgari surdi. Hozirgacha erishilgan yutuqlar olg‘a surildi.

Shu bilan birga, bugun yagona mintaqaviy institut Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvi faoliyatini takomillashtirish orqali hamkorlik jarayonlarini kuchaytirish masalasiga e’tibor qaratilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Yoki Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi vakili partiya dasturidan joy olgan Afg‘onistonning Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda ko‘prik sifatidagi rolini yuqori baholash, ushbu qo‘shni mamlakatning katta iqtisodiy va tranzit salohiyatidan foydalanish butun mintaqa davlatlari manfaatlariga mos kelishini qayd etib o‘tganda yaxshi bo‘lardi.

– Endi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakilining chiqishlariga o‘tsak.

–«Milliy tiklanish» demokratik partiyasining vakili chiqishlarida O‘zbekiston tashqi siyosatida eng muhim ustuvor yo‘nalish sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlari ekanini e’tirof etdi. Shu bilan birga, mintaqa davlatlari bilan hamkorlikda qat’iy pozitsiyada turishni ilgari surdi. Nazarimda, vakil mintaqadagi suv va chegara muammolarini hal qilishda qat’iy pozitsiya masalasini nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham siyosiy nuqtai nazardan qat’iy pozitsiya bilan mintaqaviy hamkorlik bir-biriga sig‘ishmaydigan yondashuvlar hisoblanadi. Qolaversa, biz 25 yil mobaynida aynan qat’iy pozitsiyada turib nimaga erishdik? Faqat konfrontatsiya, uzoqlashish sodir bo‘ldi.

Yoki Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni faollashtirish tashabbusiga to‘xtalsak. Bunday yondashuv yangilik emas.

Birinchidan, «O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyati to‘g‘risida»gi qonun (26.05.2000 yil) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida (28.01.2019 yil) O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va boshqa ko‘p tomonlama iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalari belgilangan. Yuqoridagilarga asosan hukumat tomonidan ham Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish borasida amaliy ishlar qilinmoqda. Bundan tashqari, xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lishni tezlashtirish faqat O‘zbekistonga bog‘liq emas.

Yoki «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakilining xorijdagi vatandoshlarning imkoniyatlaridan, salohiyatidan samarali foydalanish masalasi, bir tomondan, jalb qiluvchi yangilik, ikkinchi tomondan, bu borada amaliy sa’y-harakatlar boshlab yuborilgan. 2018 yilda «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident farmonida Tashqi ishlar vazirligining Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar bo‘limi tashkil etilgan yoki «Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risi»da Prezident qarori asosida shunday fond tashkil etilgan (11.08. 2021 yil) va u faoliyatini boshlagan.

– So‘nggi o‘rinda chiqish qilgan «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining prezidentlikka nomzodining vakili chiqishini tahlil qilsak.

– Ushbu partiyaning vakili «Tinchliksevar, progressiv tashqi siyosat: milliy manfaatlar ustuvorligi»ni ilgari surdi. Bu takliflarning ijobiy xususiyatlari bilan bir qatorda, ularning salbiy jihatlarini ham ko‘rsatib o‘tish lozim bo‘ladi.

Endi navbatdagi tezis «Tinchliksevar, progressiv tashqi siyosat: milliy manfaatlar ustuvorligi, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatiga integratsiyasini yanada chuqurlashtirish», degan chiqishini tahlil qilsak:

birinchidan, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatiga integratsiyasi faol tarzda olib borilmoqda. Ilgari surilgan ushbu taklif bo‘yicha ishlar mamlakatimizda allaqachon olib borilmoqda;

ikkinchidan, O‘zbekistonda uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama manfaatli aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, rivojlangan davlatlar bilan zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish borasida hamkorlik va uni o‘rinli asoslashi diqqatga sazovor.

– Teledebat haqida xulosalaringizni ham o‘rtoqlashsangiz.

– Xullas, debatlar haqida shuni ta’kidlash mumkinki, bu yilgi saylovoldi jarayonlarining eng kulminatsion nuqtasi bu partiyadan nomzodlar vakillari ishtirokidagi teledebatlar bo‘ldi. Debatlarda saylov jarayonlari va siyosiy partiyalarning faoliyati ochiqligi namoyon bo‘ldi. Debatlar partiyalar xalqaro siyosatga yondashuvlarining xilma-xilligi, tashqi siyosat masalasini partiyalar tomonidan tenglik asosida muhokama qilinishini partiyalarning siyosiy madaniyatining yuqoriligini tasdiqladi hamda o‘ta nozik, muhim masalalarni ochiq va erkin muhokama qila olishlarini namoyish etdi. O‘z navbatida, tashqi siyosat masalasida partiyalar tomonidan turli xil yondashuvlar mavjudligi kuzatildi.

– Kelgusida bu boradagi faoliyatni takomillashtirish borasida nimalarga e’tibor berish lozim deb hisoblaysiz.

– Keyingi debatlarda inobatga olish nuqtai nazardan quyidagilarni qayd etish mumkin.

Birinchidan, partiyalar o‘rtasida ham o‘zaro savol-javobni tashkil etish maqsadga muvofiq edi. Bu bahsning qizishiga sabab bo‘lardi. Masalan, biz yuqorida qayd etgan kamchiliklarni ular o‘sha jarayonni o‘zida o‘rtaga tashlashi, asoslab berishi mumkin edi.

Ikkinchidan, tashqi siyosat va xavfsizlik masalasi juda katta mavzu. Masalaga chuqurroq yondashuv uchun tashqi siyosat va xavfsizlik masalasini ikkiga ajratib, debat tashkil etilganda yanada qiziqarliroq bo‘lgan bo‘lardi.

Uchinchidan, teledebatda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, masalan, teleauditoriyaning chiqishlarga bahosini namoyish qilib borishi kurashni yanada qiziqarliroq qilgan bo‘lardi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring