Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«So‘zda oson, lekin amalda qiyin» – AQSh elchisi demokratik jamiyat qurishning shartini aytdi

«So‘zda oson, lekin amalda qiyin» – AQSh elchisi demokratik jamiyat qurishning shartini aytdi

AQSh va O‘zbekiston munosabatlari hech qachon bugungidek mustahkam bo‘lmagan. Bu haqda elchi Jonatan Henik Toshkentda Qo‘shma Shtatlar mustaqilligi kuni munosabati bilan tashkil etilgan anjumanda gapirdi.

Tadbirda O‘zbekiston hukumati nomidan bosh vazir Abdulla Aripov qatnashdi.

«1776 yilda Qo‘shma Shtatlar Mustaqillik deklaratsiyasini e’lon qildi va bugungi kunda butun dunyoda demokratiyani ta’minlashda davom etayotgan ko‘plab tamoyillarni joriy qildi. Demokratik g‘oyalar nima uchun bardavom bo‘ldi va tarqaldi? Chunki ularda odamzodning erkinlik, tenglik va adolatga bo‘lgan umuminsoniy intilishi aks etadi. Prezident Abraham Linkoln keyinchalik bu tushunchalarni quyidagicha umumlashtirdi: “Xalq hukumati, xalq tomonidan boshqariladi va xalq uchun ishlaydi”. Demokratik mamlakatlarda hukumatlar demokratik jarayon orqali tanlanishi, ular hisobdor bo‘lishi va fuqarolarning ehtiyojlariga xizmat qilishi kerak. Aytish oson, lekin amalda qo‘llash juda qiyin», – dedi AQSh elchisi Jonatan Henik.

Diplomatga ko‘ra, oradan qariyb 250 yil o‘tsa-da, Amerika demokratiyasi hamon mukammal emas va mamlakat yangi yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga harakat qilmoqda.

Vashington O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olganini ta’kidlagan elchi o‘tgan 30 yillik davrdagi yutuqlarga ham baho berdi.

«O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga atigi 30 yildan sal ko‘proq vaqt o‘tib, u ham o‘zining demokratik institutlarini mustahkamlash borasida sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston hukumati, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va xalqi bilan bu islohotlarni yanada ilgari surish uchun hamkorlik qilishga sodiqdir. Zero, uzoq muddatda demokratiya O‘zbekiston suvereniteti, mustaqilligi, xavfsizligi va farovonligining eng yaxshi kafolatidir», – deb ta’kidladi u.

Ukraina bosqini taraqqiyparvar dunyoni tashvishu xavotirga solgani bor gap. Ushbu urush jahondagi demokratik jarayonlarga ham tahdid tug‘dirdi.

«So‘nggi voqealar shuni ko‘rsatdiki, biz bu tushunchalarni o‘z-o‘zidan keladigan narsa kabi qabul qilmasligimiz kerak. Prezident Putinning Ukraina suverenitetini buzishi biz mamlakat ichkarisida demokratiyani mustahkamlasak ham, xorijdagi demokratik hamkorlarimiz bilan birga diktatura, repressiya va shafqatsizlikka qarshi turishimiz kerakligini eslatadi», – deydi J.Henik.

Diplomatning ta’kidlashicha, AQSh O‘zbekistonning do‘stlari safida nafaqat tinchlikni ta’minlash va farovonlikka ko‘maklashish, nafaqat sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini takomillashtirish, balki mamlakat fuqarolari uchun erkinlik, tenglik va adolatni ilgari surish yo‘lida hamkorlik qilayotganidan faxrlanadi.

Avval xabar berganimizdek, Davlat kotibi Entoni Blinken ham joriy yil 1 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Vashington Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligini himoya qilishda sobit ekanini ta’kidlagan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring