ShHT–Samarqand sammiti: o‘zaro manfaatli taraqqiyot, samarali hamkorlik
![ShHT–Samarqand sammiti: o‘zaro manfaatli taraqqiyot, samarali hamkorlik](https://static.xabaruz.com/crop/2/3/720_460_95_232433009.jpg)
ShHTning navbatdagi Samarqand sammiti 15-16-sentyabr kunlari O‘zbekiston raisligida bo‘lib o‘tadi. Bu O‘zbekistonda o‘tkaziladigan to‘rtinchi sammit bo‘ladi. Ilgari bunday muhim xalqaro tadbir 2004, 2010 va 2016-yillarda Toshkent shahrida o‘tkazilgan.
Shanxay hamkorlik tashkilotining paydo bo‘lishi Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarning bevosita natijasi bo‘ldi, deyish mumkin.
Tashkilotning 2021-yilda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan yubiley sammiti Deklaratsiyasida barcha a’zo davlatlar rahbarlari mintaqada barqaror rivojlanishni ta’minlash, ishonch va do‘stlik makonini yaratish bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan so‘nggi paytlarda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashlarini e’lon qilgan edilar.
ShHTning Markaziy Osiyodagi yangi jarayonni qo‘llab-quvvatlashi mintaqaning o‘zi uchun ham, Tashkilot qamrab oladigan hududlarni barqarorlik, o‘zaro manfaatli rivojlanish va samarali hamkorlik hududiga aylantirish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Jumladan, O‘zbekistonning tashqi siyosatida ShHT alohida o‘rin tutadi. ShHTga a’zo davlatlar O‘zbekistonning eng yaqin qo‘shnilari va strategik hamkorlari hisoblanadi. ShHT doirasidagi o‘zaro hamkorlik ham ko‘p tomonlama mintaqaviy, ham mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashga, ushbu davlatlarning har biri bilan hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari 2017-2021-yillarda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitlarida ellikka yaqin muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surgan. Bildirilgan takliflar ShHTning «yo‘l xaritalari», me’yoriy-huquqiy, dasturiy va konseptual hujjatlari doirasida hamda ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi mexanizmlari ko‘rinishida izchil amalga oshirib kelinmoqda.
ShHTga raislik estafetasining O‘zbekistonga o‘tishi 2021-yil sentyabr oyida aniq bo‘lgan edi. O‘tgan bir yil davomida mamlakatimizning ShHTga raisligi rejasi doirasida 80 dan ortiq tadbir o‘tkazildi.
Ular nafaqat tashkilotda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik yo‘nalishlarini, balki mintaqalararo savdo, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, qashshoqlikni qisqartirish, raqamli transformatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish kabi yangi yo‘nalishlarni ham qamrab oldi.
ShHT tadbirlarini tashkil etishda yangicha yondashuv va formatlar joriy etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ushbu davrda ilgari surilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish maqsadida ShHTda o‘zaro hamkorlik sohalarini mazmunan va institutsional jihatdan kengaytirishga qaratilgan 14 ta yangi konseptual hujjat loyihalari ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun, ShHT dunyodagi yirik mintaqaviy tashkilotlardan biri bo‘lib, unga a’zo davlatlarining umumiy hududi 34 million kvadrat kilometrdan oshadi. Bu Yevroosiyo qit’asi hududining 60 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi, deganidir. ShHT davlatlarining umumiy aholisi soni esa 3,2 milliard kishini tashkil qiladi.
Tashkilot 8 ta doimiy a’zo, 4 ta kuzatuvchi davlat va 9 ta muloqot bo‘yicha hamkorni jamlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter