Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga safari yakunlandi (foto)

Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga safari yakunlandi (foto)

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi yakuniga yetdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrifning so‘nggi kunida Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vaziri Mun Sin Uk, Koreya xalqaro savdo uyushmasi raisi Kristofer Ku, Koreya Eksimbanki, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), «SK Ecoplant», «Posco», «Samsung», «SK Nexilis», «Youngone», «KIA Motors», «K-water», «KT-Net» va ko‘plab boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

– Mamlakatimizda boshlangan o‘zgarishlar ortga qaytmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Yangi O‘zbekiston strategiyasida mamlakatimizda tadbirkorlar uchun eng qulay sharoitlar yaratish, xorijiy biznes faoliyatini kengaytirish ishlarini davom ettirish ko‘zda tutilgan. O‘zbekistonning ishonchli do‘sti va alohida strategik sherigi – Koreya Respublikasi bilan barqaror, ishonchga asoslangan va jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikni qadrlaymiz.

Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda faol tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlarni yuksak baholadi va investitsion hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish bildirdi.

Uchrashuvda Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikda raqamlashtirish, «yashil» energetika, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, farmatsevtika, geologiya sohalari va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda umumiy qiymati 5 milliard dollardan ortiq 40 ta yangi loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu rejalarni ma’qullab, mutasaddilarga aniq muddatlarini belgilagan holda tegishli «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va qabul qilishga topshiriq berdi.

– Bosh maqsadimiz – Koreya biznesi O‘zbekistonda qulay sharoitlar va ishonchli muhitni his etib faoliyat yuritsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Koreya kompaniyalari rahbarlarini O‘zbekistonga kelish va u yerda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlardan foydalanishga taklif etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring