Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Xalqlarimiz birgalikdagi sa’y-harakatlarimizning ijobiy natijalarini sezishlari kerak»

Shavkat Mirziyoyev: «Xalqlarimiz birgalikdagi sa’y-harakatlarimizning ijobiy natijalarini sezishlari kerak»

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Bir makon, bir yo‘l» ikkinchi xalqaro forumi 27-aprel kuni «Yansi» xalqaro konferensiyalar markazida delegatsiya rahbarlarining davra suhbati tarzida davom etdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

– Xalqaro va mintaqaviy o‘zaro bog‘liklik masalalari Markaziy Osiyo, jumladan, dengiz portlariga bevosita olib chiquvchi yo‘lga ega bo‘lmagan mamlakatimiz uchun dolzarb bo‘lib kelgan va hozir ham shunday. O‘zbekiston mamlakatlarimizning barqaror taraqqiyotida muhim omil bo‘ladigan «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini avvalboshdanoq qo‘llab-quvvatlagan, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari forum davra suhbatining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishini ma’qullab, bu mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, umumiy maqsadlarga erishish, iqtisodiy o‘sishning yangi manbalarini kashf etish, natijada xalqlarimiz turmush darajasi oshishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentimiz Markaziy Osiyoning transport va logistika imkoniyatlarini oshirish, «yashil iqtisodiyot» orqali oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, turizmni rivojlantirish, ekologik muammolarni birgalikda bartaraf etish va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Markaziy Osiyo mintaqasining tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda Xitoy - Markaziy Osiyo - G‘arbiy Osiyo iqtisodiy yo‘lagini shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Toshkent - Andijon - O‘sh - Irkishtom - Qoshg‘ar avtomobil yo‘lagi, O‘zbekiston - Qirg‘iziston - Xitoy va Mozori Sharif - Kobul - Peshovar temir yo‘llari loyihalari bu borada katta istiqbollar ochishi qayd etildi. Shuningdek, Sariq dengiz portlari - Markaziy Osiyo - Yevropa yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘lda yuk tashishga bir xil tarif o‘rnatish ham iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentimiz «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligiga erishish uchun qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or yechimlarni joriy etish masalalariga e’tiborni qaratdi.

Orol dengizi qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik vaziyatni bartaraf etish umumiy vazifa ekanini ta’kidlar ekan, Shavkat Mirziyoyev sheriklarni BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Trast fondi hamda Orolbo‘yi hududida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi faoliyatida ishtirok etishga chaqirdi.

Turizm sohasida almashinuvlarni rivojlantirish, buning uchun «Ipak yo‘li» brendi ostida qo‘shma dastur va mahsulotlarni ilgari surish bo‘yicha dolzarb takliflar bildirildi.

Davlatimiz rahbari Afg‘oniston masalasiga ham e’tibor qaratib, ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatilishi Markaziy va Janubiy Osiyoda yangi taraqqiyot manbalari yaratishini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev bu boradagi dolzarb masalalar joriy yilning kuzida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasida (RECCA) muhokama qilinishini ma’lum qildi.

- Tarixiy va madaniy merosimiz, oldimizda turgan maqsad va vazifalarning o‘xshashligi hamda intilishlarimiz mushtarakligi kelajakka katta ishonch bilan qarashga imkon beradi. Xalqlarimiz birgalikdagi sa’y-harakatlarimizning ijobiy natijalarini albatta sezishlari kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbarining fikr va tashabbuslari qiziqish bilan kutib olindi.

«Bir makon, bir yo‘l» ikkinchi xalqaro forumi bugun yakunlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring