Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Turkiya va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlarini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Turkiya va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlarini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lini qabul qildi.

O‘zbekiston-Turkiya keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri Chavusho‘g‘li Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Davlatimiz rahbari oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqotlar ko‘p qirrali hamkorlikning jadal rivojlanishiga xizmat qilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, o‘tgan yilda 370 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aviatashuvlar soni ko‘paymoqda.

Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida, shu jumladan sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish dasturlari doirasida yangi investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi tadbirlari doirasida Toshkent shahrida bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Vazir Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Xalq Maslahati Raisi, Millat Yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda 2022-yilning 14-15-iyul kunlaridagi Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi va 21-22-oktyabr kunlaridagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkmanistonga rasmiy tashrifi davomida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish jihatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyot, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yilning birinchi choragida qator qo‘shma tadbirlar – Hukumatlararo komissiya, Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishlari, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar, madaniy va boshqa tadbirlarning o‘tkazilishi kelishildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring