Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbatda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarini yanada kengaytirish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Pandemiyaning salbiy oqibatlarini tez fursatda kengib o‘tish maqsadida iqtisodiy sohadagi hamkorlikni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Buning uchun o‘zaro savdo hajmini oshirish, qabul qilingan «yo‘l xaritasi» doirasida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda chegaraoldi tumanlarda samarali transport kommunikatsiyalari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish muhim ekani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va ta’lim sohalarida hukumatlar, manfaatdor idora va tashkilotlar darajasida faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Suhbat yakunida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bahoriy ayyom – Navro‘z munosabati bilan bir-birini samimiy tabriklab, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter