Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mun Chje In va Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif haqida kelishib olishdi

Mun Chje In va Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif haqida kelishib olishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazgani xabar qilingandi.

Muloqotda prezident Mun Chje In O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi masalasiga har tomonlama ko‘maklashishini yana bir bor tasdiqladi.

Davlat rahbarining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sammit chog‘ida global va mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Tomonlar BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida, shuningdek, yuqori texnologiyalar, «yashil» va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi dasturlarni ilgari surish maqsadida «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» hamkorlik forumi doirasida yaqindan hamkorlikni davom ettiradilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Seulning Koreya yarim orolidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlarini doimo qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Tomonlarning mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslari yuksak baholandi.

Davlat rahbarlari ekologiya sohasidagi hamkorlik, shu jumladan Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida to‘xtaldilar.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi. Prezident Mun Chje In Prezident Shavkat Mirziyoyevga Koreya Respublikasi tashrif bilan kelish to‘g‘risidagi taklifini tasdiqladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sammit yakunida «To‘rtinchi sanoat inqilobi»ga ko‘maklashish maqsadida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum,  EDCF bilan hamkorlik bo‘yicha uch yilga mo‘ljallangan 1 milliard dollarlik dasturni amalga oshirish bo‘yicha bitim, zamonaviy ko‘p tarmoqli klinika va loyihaviy institut – Kimyoviy texnologiyalar markazini qurish loyihalari bo‘yicha zayom bitimlari imzolandi.

Bundan tashqari, yetakchi kompaniyalar darajasida mamlakatimiz energetika infratuzilmasining muhim ob’yektlarini modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.

Davlat rahbarlari har doimgidek ochiq, samimiy, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tgan sammit yakunlaridan mamnun ekanliklarini qayd etdilar.

Tomonlar onlayn-muzokaralar o‘z vaqtida o‘tkazilgani va natijadorligi jihatidan yuzma-yuz uchrashuvlar amaliyotidan qolishmaganini ta’kidladilar.

Prezidentlar do‘stlik va keng ko‘lamli sheriklik aloqalarini mustahkamlash, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda qat’iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring