Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston va O‘zbekistondagi islohotlarning mushtarak jihatlari aytildi

Qozog‘iston va O‘zbekistondagi islohotlarning mushtarak jihatlari aytildi

Qozog‘iston elchisi Beybut Atamqulov.

Foto: Xabar.uz

Qozog‘iston hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni ikki jihat – jamiyatda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va davlatning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish istagi birlashtirib turadi, deydi Qozog‘istonning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov.

14 dekabr kuni jurnalistlar bilan uchrashgan diplomat ikki qardosh mamlakat siyosatdan madaniyatga qadar – turli jabhalarda bir-birini to‘ldirish va o‘zaro ko‘maklashish yo‘lidan borayotganini urg‘uladi.

«Mamlakatlarimiz siyosiy tizimni shakllantirish borasida bir-biriga uyg‘un yo‘llarni bosib o‘tdi. Davlat boshqaruvi qurilmasi ham mushtarak xususiyatlarga ega. Shunga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekistondagi ichki siyosiy jarayonlar tabiiy ravishda har ikki tomonda qiziqish bilan kuzatilmoqda», – deydi Beybut Atamqulov.

Joriy yil 1 sentyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakat xalqiga «Adolatli Qozog‘istonning iqtisodiy dasturi» deb nomlangan murojaatnoma yo‘llagan edi. Elchiga ko‘ra, murojaatnomada ko‘plab muhim masalalar qatorida O‘zbekiston bilan hamkorlikka ham e’tibor qaratilgan.

«Prezident murojaatnomasi O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘lida yangi ufqlarni ochadi. Energetika yo‘nalishida integratsiya, transport koridorlari jabhasidagi qo‘shma loyihalar va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlar ikki tomonlama aloqalarning tayanchi bo‘lishi, iqtisodiy, strategik robitalarimizni yanada mustahkamlashi kutilmoqda», – deydi Qozog‘iston elchisi.

Qayd etilishicha, jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan xalqaro hodisalarga qaramay, o‘tgan yili Qozog‘iston iqtisodiyotida o‘sish kuzatildi: YaIM 220 milliard dollarga yetdi, xorijdan rekord miqdorda – 28 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya jalb etildi, tashqi savdo aylanmasi 136 milliard dollardan oshdi.

Elchi har ikki davlatning iqtisodiy natijalari yanada o‘sishida bir-birini to‘ldirish va qo‘llab-quvvatlash tamoyili muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

«Qozog‘iston va O‘zbekistonni tarixiy taqdir, mushtarak til, din, madaniy qadriyatlar, an’analar va urf-odatlar birlashtiradi. Ikki davlat o‘rtasidagi sarhadlarni esa do‘stlik chegarasi deb atash mumkin», – deydi B.Atamqulov.

O‘zbekiston Qozog‘istonning Markaziy Osiyoda birinchi, jahonda esa uchinchi savdo hamkori sanaladi. Keyingi yillarda o‘zaro savdo aylanmasi 5 milliard dollardan oshdi. Ikki davlat rahbariyati bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring