Prezident nega Ko‘kdala tumani tashkil etilgani haqida gapirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifini Ko‘kdala tumanidan boshladi va bu tumanni tashkil etishdan asosiy maqsadni aytib o‘tdi.
«Ko‘kdala tumanini tashkil etishdan asosiy maqsad bu yerda yashaydigan 182 ming nafar aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, hududni iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishdir», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident yangi tumanda ishga tushirilgan «Chiroqchi klaster» mas’uliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik korxonasidagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.
«Ko‘ryapsizlar, ayollar bo‘yicha qancha qarorlar qabul qilyapmiz, tashkiliy choralar ko‘ryapmiz. Buning zamiridagi maqsad — sizlarning quvonchingizni ko‘rish. Bir ayolni, bir qizimni ish bilan ta’minlasak, uning kayfiyati butun xonadonga ta’sir qiladi, farzandlarini yaxshi o‘qitadi. Bugun ham ko‘p rejalar, imkoniyatlar bilan keldik. O‘zbekistonda orzular amalga oshadigan zamon qurishga harakat qilyapmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Korxona yiliga 7 million dona tayyor kiyim ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarning katta qismi «Samo» brendi ostida eksport qilinadi. Buning uchun taniqli xorijiy brendlar bilan hamkorlik rejalashtirilgan.
Klaster rahbariga paxta hosildorligini oshirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlat rahbari Ko‘kdala tumanining ma’muriy markazi Yettitom shaharchasida infratuzilmani rivojlantirish loyihasi bilan tanishdi.
Tuman hududi 171 ming gektar bo‘lib, 32 ta mahalladan iborat. Loyihaga ko‘ra, Yettitom shaharchasida tuman hokimligi va mahalliy idoralar uchun binolar, “Yangi O‘zbekiston” massivi, bog‘cha va maktablar, poliklinika, istirohat bog‘i, xalqaro ahamiyatdagi yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish va savdo majmualari barpo etiladi. 159 kilometr yo‘l ta’mirlanib, 50 kilometr ichimlik suvi, 80 kilometr elektr tarmoqlari quriladi.
Prezident yangi binolarni energiya tejamkor qilib qurish, uylar tepasiga quyosh energiyasi panellari o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Ko‘kdalada 500-1000 megavattlik quyosh elektr stansiyalari va quyosh panellari qorxonasini barpo etish imkoniyatini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shu yerda aholi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ular ilgari Chiroqchi tumani markazigacha 2-3 soatlab yo‘l yurilgani, bu ko‘p qiyinchilik va xarajatlar tug‘dirganini so‘zlab berishdi.
Shu maqsadda tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 3 yillik dastur ishlab chiqilishi ta’kidlandi. Bu yerda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’yektlarini barpo etish uchun qariyb 2 trillion so‘m mablag‘lar yo‘naltiriladi. Joriy yilda 260 milliard so‘mlik 18 ta loyiha ishga tushiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter