Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston–Turkiya: oliy darajadagi kengash yig‘ilishi qachon o‘tishi ma’lum qilindi

O‘zbekiston–Turkiya: oliy darajadagi kengash yig‘ilishi qachon o‘tishi ma’lum qilindi

Oliy darajadagi O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi joriy yil iyun oyida Anqara shahrida o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu haqda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi No‘’mon Qurtulmush «Dunyo» axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Anqarada o‘tadigan oliy darajadagi mashvaratda shu vaqtga qadar imzolangan kelishuvlar va ularning ijrosi ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, istiqboldagi ikki tomonlama maqsad va vazifalar bayon qilinadi.

Toshkentda o‘tkazilgan muzokaralar natijasini ijobiy baholagan No‘’mon Qurtulmush bu borada ikki davlat rahbari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik muhim ahamiyat kasb etishini urg‘ulagan.

«Muzokaralarimiz ishchanlik ruhida o‘tdi, deyishga barcha asoslarimiz bor. Zotan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida barcha sohalarda mamlakatlarimiz taraqqiyoti va xalqlarimiz farovonligini oshirishga qaratilgan yaqin do‘stona munosabatlar o‘rnatilgan. Bugungi kundagi aloqalarimizni qardoshlikdan ham yuqori deya olamiz, chunki ko‘plab masalalarda hamfikrmiz. Prezidentlar Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida qardoshlarga xos va yaqin do‘stlik rishtalari o‘rnatilgan. Ularning o‘zaro muloqotlari va uchrashuvlarida mavjud masalalar juda oson yechim topmoqda», – deydi Turkiya qonunchilik idorasi rahbari.

Siyosatchiga ko‘ra, hozirda davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 3 milliard AQSh dollaridan ko‘proqni tashkil qilyapti. Yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga, kelajakda esa 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Avval xabar berganimizdek, 22 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya parlamenti raisi N.Qurtulmush boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, davlat rahbarlari ishtirokidagi strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishida muhim masalalar muhokama etiladi. Masalan, kengashning ikkinchi yig‘ilishida dolzarb masalalar ko‘rib chiqilgan va O‘zbekiston–Turkiya hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 9 ta hujjat imzolangan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring