Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston–Yevropa Ittifoqi: 2022-yilning 5 muhim hodisasi

O‘zbekiston–Yevropa Ittifoqi: 2022-yilning 5 muhim hodisasi

Yakuniga yetayotgan 2022-yilda O‘zbekistonning strategik hamkorlardan sanalgan Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari sezilarli darajada faollashdi. Siyosatdan tortib ta’limga qadar – turli yo‘nalishlarda e’tiborga molik loyihalar hayotga tatbiq etildi, anjumanlar o‘tkazildi, tashriflar amalga oshirildi. «Xabar.uz» joriy yil davomida O‘zbekiston–YI robitalarida ro‘y bergan eng muhim 5 hodisani esga oladi.

I. Bir necha yillik muzokaralar mahsuli

6-iyul kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning (KShHTB) dastlabki darajada imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yangi bitim 1996-yilgi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rniga ishlab chiqilgan hamda ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi ko‘zda tutilgan. Amaldagi bitim asosan siyosiy muloqot, demokratiya, inson huquqlari sohasidagi hamkorlik, madaniy aloqalarni ilgari surish, moliyaviy va texnik hamkorlik, investitsiyalar, tovar va xizmatlar savdosi, shuningdek, intellektual mulkni himoya qilish borasidagi qoidalarni o‘z ichiga oladi. KShHTB esa kengroq masalalarni qamraydi. Ular orasida savdo va unga tegishli masalalar, jumladan, bojxona ma’murchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya choralari, raqobat va davlat korxonalarining faoliyati, davlat xaridlari, nizolarni hal qilish va boshqa sohalar bilan bog‘liq qoidalardan iborat. Bundan tashqari, yangi hujjat Jahon savdo tashkilotining asosiy qoidalarini o‘z ichiga olgani natijasida investitsiyaviy sheriklik, tovarlar, xizmatlar va intellektual mulk savdosi sohalaridagi munosabatlar doirasi sezilarli darajada kengaytirildi.

KShHTB loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019-yil fevral oyida boshlanib, 2022-yil iyun oyida yakunlandi. Ushbu davr mobaynida ekspertlar, bosh muzokarachilar hamda hukumat a’zolari darajasida 10 bosqichli muzokaralar va 150 dan ortiq uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tahlilchilar kengaytirilgan bitim bo‘yicha muzokaralar yakunini o‘zaro munosabatlardagi ulkan muvaffaqiyat deb baholadi.

II. Sharl Mishel – O‘zbekistonda

Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel 27-28-oktyabr kunlari O‘zbekistonga ilk tashrifni amalga oshirdi. «Ko‘ksaroy» qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Sharl Mishel ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikka oid muhim masalalar, shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik mavzular muhokama etilgan. Siyosiy yetakchilar muloqoti davomida, shuningdek, Ukraina va Rossiya urushi oqibatida yuzaga kelgan energetika inqirozi, oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga e’tibor qaratilgan. Bundan tashqari, inson huquqlari, so‘z erkinligi yo‘nalishidagi islohotlar borasida fikrlashilgan.

Uchrashuvda mamlakatimizdagi demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni, eng avvalo, innovatsiyalar, «yashil» iqtisodiyot, raqamlashtirish sohalarida amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

«O‘zbekiston – tabiiy ma’danlarga boy mamlakat. Qolaversa, muhim jug‘rofiy hududda joylashgan: mamlakat YeI hamda Osiyoni o‘zaro bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bu esa o‘zaro robitalarimizni yanada mustahkamlashga undovchi omillarga sirasiga kiradi», – dedi Yevropa kengashi rahbari.

Oliy martabali mehmon OAV vakillari bilan suhbatda YeIning mintaqa bo‘yicha siyosatida yashirin kun tartibi mavjud emasligini alohida ta’kidladi.

III. «Global darvoza»: ilk mintaqaviy anjuman

17-18-noyabr kunlari Samarqand shahrida ikki muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. YeI–Markaziy Osiyo vazirlar uchrashuvida turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tadbir mezboni – O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning uchrashuv yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, mintaqa vakillari YI bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlangan. YeIning 2019-yilda qabul qilingan Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi to‘liq qo‘llab-quvvatlangani holda, uni amalga oshirishni tezlashtirish uchun qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishilgan. YeI bilan ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, ilg‘or texnologiyalar, nou-haular va investitsiyalarni jalb etish muhimligi qayd etilgan. 

18 noyabr kuni esa Samarqandda «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik konferensiyasi: Global darvoza» deb nomlangan yirik anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda qatnashgan yuqori martabali mehmonlar hamda ekspertlar bir ovozdan bugungi beqaror zamonda ikki yirik mintaqa o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish lozimligini ta’kidladilar.

Xususan, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Rossiyaning Ukrainaga bosqini sabab, ko‘p yillar davomida shakllangan xalqaro tartib izdan chiqqani, bunday sharoitda YeI va Markaziy Osiyo hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

«Bugun (chegara) devorlari har qancha baland bo‘lmasin, xatardan ihotalay olmaydi. Demak, mamlakatlar o‘zaro hamjihatlik yo‘li bilangina xatarlarga qarshi tura olishi mumkin», – dedi Jozep Borrel.

YIning 2021-yil 1-dekabrda qabul qilingan «Global darvoza» deb nomlangan yangi strategiyasi doirasida tashkil etilgan ilk mintaqaviy anjuman raqamlashtirish, transport va logistika, energetika va suv resurslari bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlandi.

IV. «GSP+»: Yevropa bozoriga «yashil chiro

2021-yil aprel oyida O‘zbekistonga YeIning «GSP+» preferensiyalar bosh tizimining benefitsiari maqomi berilgan edi. Shu tariqa O‘zbekiston Yevropa bozoriga 6200 dan ortiq tovar pozitsiyalarini bojsiz eksport qilish imkoniga ega bo‘ldi. 2021-yilda preferensiyalar tizimi tufayli o‘zbekistonlik eksportchilar 12 mln dollarni o‘zida saqlab qoldi. Joriy yil ushbu ko‘rsatkichi sezilarli oshishi kutilmoqda.

Tahlillar O‘zbekistondan 6200 ta bojsiz mahsulotning bor-yo‘g‘i 325 turi eksport qilinayotganini ko‘rsatgan. Shunga ko‘ra Yevropaga 2023-yilda sanoat eksportini 600 ta mahsulotga, eksport hajmini esa 700 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

«GSP+» benefitsiari maqomi tufayli Yevropaga O‘zbekiston eksportining hajmi  sezilarli darajada oshmoqda. 2022-yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonning YeI mamlakatlari bilan o‘zaro savdo hajmi 3,13 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Shu tariqa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,8 foiz o‘sish kuzatildi.

O‘zbekistonda YI mamlakatlari sarmoyasi ishtirokida 1052 ta korxona, shu jumladan, 100 foiz Yevropa kapitali asosidagi 304 ta kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda.

YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrianga ko‘ra, Yevroittifoq mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish hamda Rossiyaga bilvosita qaramlikni kamaytirishga ko‘maklashmoqchi. Ayni choqda, YeI mintaqa davlatlarining sheriklarni tanlash erkinligini hurmat qiladi.

«Biz Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarning eksklyuzivligini emas, balki tanlash erkinligini ta’minlashni istaymiz», – deydi elchi Sh.Adrian.

V. Kelajak uchun tikilgan sarmoya

An’anaga ko‘ra joriy yilda bir guruh o‘zbekistonlik iqtidorli talabalarga «Erasmus Mundus» qo‘shma magistrlik dasturi (EMJMD) doirasida ko‘hna qit’aning nufuzli universitetlarida tahsil olish uchun grant taqdim etildi. Bu yilgi tanlovda mamlakatimiz yoshlari orasida matematika, xalqaro huquq, kimyo, tibbiyot, siyosat, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi ta’lim yo‘nalishlariga qiziqish katta bo‘ldi.

«Erasmus+» – iqtidor egalarining ta’lim, kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan YeI dasturidir. Qo‘shma magistrlik tahsili doirasida o‘quv dasturi, sayohat xarajatlari, sug‘urta, vizani qo‘llab-quvvatlash, oylik stipendiya va boshqalarni o‘z ichiga olgan grant taqdim etiladi. Yevropa universitetlari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan noyob magistrlik kurslari doirasida talabalar bilim olibgina qolmay, mezbon davlatlar bilan tanishib, yangi madaniyatlarni ham kashf etadilar.

Rasmiy Bryussel ta’lim dasturi uchun ajratilgan mablag‘ni ko‘paytirib bormoqda. 2014-2020-yillarda «Erasmus+» dasturi budjeti 14,7 milliard yevroni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-2027-yillarda ushbu maqsadda 26,2 milliard yevro sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Chorak asr davomida YeI ko‘magida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari ishtirokida o‘nlab loyihalar amalga oshirildi. Masalan, 2014-yildan buyon «Erasmus+» dasturi doirasida oliy ta’lim salohiyatini oshirishga qaratilgan budjeti qariyb 40 million yevro bo‘lgan 40 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etildi. Ularda O‘zbekistonning 70 ga yaqin OTM, 20 dan ortiq tarmoq boshqarma va tashkilotlari, shuningdek, 120 ga yaqin Yevropa universitetlari qatnashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring