Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlandi

O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlandi

Foto: Prezident matbuot xizmati

15-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin muzokara o‘tkazdilar.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, ShHTning Samarqand sammitida ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Vladimir Putin, o‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyevga har doimgidek samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha darajalarda jadal va samarali rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.

Tomonlar keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Rossiya sherikligi misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan tovar ayirboshlash ikki barobardan ziyod ko‘paydi, o‘tgan yetti oyda esa o‘zaro savdo 30 foizdan ortiq o‘sdi. E’tiborlisi, ikki tomonlama savdo hajmining 70 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlardan iborat.

Sanoat kooperatsiyasi jadal sur’at bilan rivojlanmoqda. Keyingi yillarda kon-metallurgiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda 100 dan ortiq qo‘shma loyihalar boshlandi.

Tomonlar, eng avvalo, elektronika, farmatsevtika, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida industrial-texnologik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks harakatlar rejasini qabul qilishga kelishib oldilar.

Ushbu tashrif doirasida mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va geologiya sohalari bo‘yicha 4,6 milliard dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolanayotgani qayd etildi.

Hamkorlikni kengaytirishda hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim o‘rin tutadi. Birinchi yarim yillikda ikki mamlakat o‘rtasida 50 ga yaqin tashriflar bo‘ldi.

Tomonlar O‘zbekiston hududlarida qo‘shma sanoat parklarini tashkil etish, joriy yil oktyabr oyida O‘zbekiston va Rossiya hududlarining navbatdagi forumini o‘tkazishga kelishib oldilar.

Shuningdek, Prezidentlar tadbirlarga boy va keng ko‘lamli madaniy-gumanitar hamkorlikni yuksak baholadilar.

Rossiya oliy ta’lim muassasalarining xorijdagi filiallari soni bo‘yicha O‘zbekiston yetakchi o‘rinda turadi. So‘nggi to‘rt yilda yurtimizda ushbu mamlakatning 12 ta yetakchi oliygohi filiallari ochildi va jami 15 taga yetdi.

Turizm sohasidagi aloqalar ham faol rivojlanmoqda. Joriy yilda Rossiyadan O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlardan oshdi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Samimiy va do‘stona o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring