O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari yuqori palatalari raislari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2021-yil 3-iyun kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga katta ahamiyat berayotgani ta’kidlandi. So‘nggi 4 yil ichida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yuqori darajaga ko‘tarildi.
Ikki mamlakat manfaatlariga javob beradigan ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi aloqalar sur’ati o‘sib bormoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi parlamentlararo muloqot faollashdi. Tomonlar parlament faoliyati tajribasini o‘rganish uchun doimiy ravishda delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini uyushtirmoqda, shu jumladan turli xalqaro konferensiyalar va parlament tashkilotlari ishida ishtirok etish orqali uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Transport kommunikatsiyalari va tranzit tashuvlari, mehnat migratsiyasi, suvdan foydalanish, madaniyat, ta’lim, gender tenglik sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar Samarqandda Qozog‘iston Konsulxonasi, Chimkent shahrida esa O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ochilishini olqishladilar.
Shuningdek, hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish, shu jumladan ixtisoslashgan qo‘mitalar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, xalqaro parlament tuzilmalari (PI, YeXHT PA, MDH PA), shuningdek boshqa qator xalqaro tashkilotlar doirasida umumiy tashabbuslarni ilgari surish, deputatlar o‘rtasida hududlararo hamkorlik o‘rnatish, huquqiy bazani tezlikda shakllantirish, pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ko‘rilishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qozog‘iston Parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyasi hamda yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasi muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgani ta’kidlandi.
Hozirgi vaqtda qonun ijodkorligini takomillashtirish borasida, iqtisodiy, sayyohlik, madaniy va gumanitar sohalarda hududlararo hamkorlikni rivojlantirishda parlament rolini oshirish bo‘yicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.
Yuqorida sanab o‘tilgan tadbirlarni va boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun 2021-2022-yillarda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Qozog‘iston parlamenti huzuridagi Parlamentarizm instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzoladilar.
Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter