Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Ozarbayjon eTIR tizimi orqali savdoni yo‘lga qo‘ydi. Bu nimani anglatadi?

O‘zbekiston va Ozarbayjon eTIR tizimi orqali savdoni yo‘lga qo‘ydi. Bu nimani anglatadi?

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida ilk bor eTIR tizimi orqali mahsulot yetkazish berish amalga oshirildi. Bu esa bojxona munosabatlarida qog‘ozbozlik davri ortda qolayotganidan dalolat beradi.

Quruq va ho‘l mevalar Toshkent aeroportidan Bokuga ilk bor eTIR tizimi orqali yetkazilgan. BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi xalqaro tashuvlarda yangi raqamli davr boshlanayotganini qayd etgan.

Transport qatnovi, naqliyot va yuk tashuvlarni soddalashtirish savdo-sotiqni kengaytirishning muhim sharti sanaladi.  BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi shafeligida yaratilgan eTIR tizimi (fransuzcha «Transports Internationaux Routiers»ning qisqartmasi) ham ayni shu maqsadga xizmat qiladi. Mazkur tizim yuk tashishni raqamlashtirishga qaratilgan bo‘lib, u Bojxona konvensiyasiga a’zo davlatlarning hududlari orqali mahsulotlarni chegara-bojxona nazorati protsedurasidan o‘tmasdan olib o‘tish imkonini beradi. Bojxona nazorati qonunni buzish uchun jiddiy sabab bo‘lgan holatda amalga oshiriladi.

2021 yil 25 maydan Bojxona konvensiyasining (Jeneva, 1975 yil) yangi 11-ilovasi rasman kuchga kirdi. Ushbu ilovaga ko‘ra barcha ahdlashuvchi tomonlar elektron TIR kitobchasidan foydalangan holda ma’lumotlar almashinuvi orqali transchegraviy tashuvlarni amalga oshirishi mumkin.

Kelajakda yeTIR xalqaro tizimi imkoniyatlaridan 34 mingdan ortiq transport va logistika kompaniyalari foydalanishi kutilmoqda. Bu esa transchegaraviy tashuv vaqtini 92 foizgacha, xarajatlarni esa 50 foizgacha kamaytirish imkonini beradi.

O‘zbekiston bojxona idoralariga ko‘ra, yeTIR loyihasi sinov tarzida ilk bor 2020 yil noyabr oyida Qozog‘iston bilan yo‘lga qo‘yilgan.

Ozarbayjon bilan ushbu tizimning yo‘lga qo‘yilishi o‘zaro savdo aylanmasini yanada oshirishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 243 ta korxona tashkil etilgan. Mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo 1996 yilda Bokuda imzolangan “Erkin savdo shartnomasi”ga muvofiq erkin savdo rejimida amalga oshiriladi.

2021 yilda O‘zbekistondan Ozarbayjonga sanoat mahsulotlari  (34,7 million dollar), mashina va uskunalar (20,1 million dollar), oziq-ovqat mahsulotlari (10,4 million dollar), tayyor mahsulotlar (3,1 million dollar), kimyo mahsulotlari (1,2 million dollar) va xizmatlar (2,4 million dollar) eksport qilingan.

Ozarbayjondan esa O‘zbekistonga nooziq-ovqat xomashyosi (12,8 million dollar), kimyo mahsulotlari (8 million dollar), yoqilg‘i, moy mahsulotlari (7,9 million dollar), sanoat mahsulotlari (7,4 million dollar), oziq-ovqat, ichimliklar va tamaki mahsulotlari (5,6 million dollar) va xizmatlar (0,8 million dollar) import qilingan.

Yaqin 5 yilda ikki qardosh o‘lka o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring